Paxta terimida yuqori hosildorlikka erishish masalalari muhokama qilindi
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va qator hamkor tashkilotlar bilan birga Respublikamiz hududlarida paxta defoliatsiyasini ilmiy asoslangan agrotexnik talablar asosida sifatli va o‘z muddatida o‘tkazish, hosilni to‘liq saqlab qolish hamda yuqori hosildorlikka erishishga qaratilgan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda bugungi kunda paxta dalalaridagi holat, avgust oyining birinchi yarmida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijalari hamda yaqin kunlarda kechiktirmasdan bajarilishi lozim bo‘lgan muhim agrotexnik ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, defoliatsiya jarayoniga har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti, g‘o‘zaning o‘sish va rivojlanish holati, ko‘saklarning pishish va ochilish darajasi kabi omillarni inobatga olgan holda yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi. Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumani, shuningdek, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi fermerlar ham so‘zga chiqib, o‘z tajribalaridan kelib chiqqan holda Etefon preparati bilan ishlov berishning ahamiyati, uning ko‘saklarning ochilishiga ta’siri hamda dalalarda kuzatilayotgan natijalar xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Muhokamalar davomida shu kungacha gektariga 2 litr Etefon bilan ishlov berilgan paxta maydonlarida navbatdagi agrotexnik tadbirlarni qanday tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, gektariga 1–1,5 litr miqdorida Etefon qo‘llanilgan maydonlardagi g‘o‘zalarning holati ham tahlil qilindi. Har bir maydondagi holatga bir xil mezon bilan emas, balki hududning geografik joylashuvi, iqlim sharoiti, g‘o‘zaning rivojlanish darajasi va ko‘saklarning ochilish holatidan kelib chiqqan holda yondashish zarurligini ta’kidlandi.Shu asosda ayrim maydonlarda belgilangan me’yorlar doirasida avguronga etefon qo‘shib ishlov berish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Seminarda asosiy e’tibor har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida, ilmiy tavsiyalar va aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshirishga qaratildi. Zero, defoliatsiyani to‘g‘ri muddat va maqbul me’yorlarda o‘tkazish g‘o‘zalarning bargdan tez va sifatli tozalanishi, ko‘saklarning bir maromda ochilishi hamda paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘quv seminari yakunida mutasaddilar, agroklasterlar va fermerlarga paxta maydonlarini har kuni tahlil qilib borish, har bir hudud va dala sharoitidan kelib chiqib defoliatsiya ishlarini ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida tashkil etish, hosilni to‘liq saqlab qolish va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA