Mustaqillik shukuhi sport va madaniy tadbirlarda namoyon bo‘lmoqda
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan kimyo sanoati korxonalari xodimlari o‘rtasida keng qamrovli sport va madaniy tadbirlarga start berildi.
“O‘zkimyosanoat” AJ tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirlarning dastlabki bosqichi D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialida bo‘lib o‘tdi. Unda tarmoq korxonalari jamoalari ishtirok etib, “Mustaqillik to‘yi” festivali hamda “Mustaqillik kubogi” musobaqalari doirasida o‘z mahorat va iqtidorlarini namoyon etdi.
Sport bellashuvlarida ishtirokchilar turli yo‘nalishlarda kuch sinashib, jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va jamoaviy harakatlarini ko‘rsatgan bo‘lsa, festival dasturida ijodiy chiqishlar, madaniy bellashuvlar hamda jamoalarning o‘ziga xos dasturlari namoyish etildi.

“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning ta’kidlashicha, mazkur tadbirlar nafaqat bayramona kayfiyat ulashish, balki tarmoq xodimlarini bir maqsad atrofida birlashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Bugungi tadbirlarda sport va madaniyat uyg‘unlashib, tarmoq korxonalari jamoalarini yanada bir-biriga yaqinlashtirdi. Bunday musobaqalar xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va jamoaviy ruhni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar hamkasblar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni yanada kuchaytiradi, – dedi H.To‘laganov.
Shuningdek, musobaqalar ishtirokchilarga o‘z iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etish, sog‘lom raqobat muhitida tajriba almashish hamda yangi do‘stlik aloqalarini o‘rnatish imkonini bermoqda.

Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbirlar bayram shukuhini yanada oshirish, kimyo sanoati tizimi xodimlarini jipslashtirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva, O‘zA