Jo‘qorg‘i Kengesning sessiyasi bo‘lib o‘tdi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Sessiya kun tartibida dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining o‘rinbosari Tohirjon Safarov ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-oktabrdagi “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, 2025-yil 29-dekabrdagi “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va samarali yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar va samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirishga qaratilgan strategik rejalashtirish hujjati hisoblanadi.

Strategiyaning bosh maqsadi – 2030-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasining suv tanqisligi va ekologik xavflarga moslashgan, qishloq xo‘jaligida suv va yer resurslaridan foydalanish samaradorligi yuqori bo‘lgan, Nukus shahri atrofida xizmatlar, ilm-fan, ta’lim, turizm va boshqaruv markazi shakllangan, Qo‘ng‘irot – Taxiatosh – Qorao‘zak – Xo‘jayli sanoat-energetika yo‘lagida yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalar joylashtirilgan, Mo‘ynoq va Orolbo‘yi hududlarida ekologik tiklanish, baliqchilik, ekologik turizm va yashil iqtisodiyotga asoslangan yangi rivojlanish modeli yo‘lga qo‘yilgan raqobatbardosh hududga aylantirishdan iborat.

Ushbu bosh maqsadga erishish uchun kambag‘allikni qisqartirish, barqaror bandlikni ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, sanoat, qayta tiklanuvchi energetika va investitsiya salohiyatini oshirish, turizm, madaniy meros va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, transport-logistika va hududlararo bog‘liqlikni ta’minlash, ekologik tiklanish, iqlimga moslashuv va infratuzilmani barqaror rivojlantirish kabi strategik yo‘nalish belgilanadi.

Muhokamalardan so‘ng ushbu masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Mahalliy hokimiyatning vakillik va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan dasturda belgilangan vazifalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining hisoboti, Jo‘qorg‘i Kengesning Sanoat qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining axboroti, O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri