Muhim vazifalar belgilab olindi
Bugun suv resurslari nafaqat tabiiy boylik, balki iqtisodiy barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik muvozanatning hal qiluvchi omiliga aylandi. Ana shunday sharoitda suvni boshqarish tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish davr talabi bo‘lib qolmoqda. Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida tashkil etilgan seminar sohadagi islohotlarning amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etdi.
Mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, ularning aniq hisobini yuritish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-mayda qabul qilingan “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi Farmoni sohada yangi davrni boshlab berdi. Mazkur hujjatda suv resurslarining yagona balansini yuritish, shaffof hisob-kitob tizimini yaratish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Aynan shu ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlash doirasida Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi binosida suv resurslarini boshqarish va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Tadbirda TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti professori, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi A. Yangiyev, Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A. Mustaqov hamda sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminar davomida suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, suv hisobini yuritish tizimlarini takomillashtirish, ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, ularni yagona axborot maydonida jamlash va tahlil qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, suvdan foydalanish samaradorligi endi nafaqat muhandislik inshootlari, balki aniq ma’lumotlar va intellektual boshqaruv tizimlariga ham bevosita bog‘liq bo‘lib bormoqda.
Mutaxassislar tomonidan suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamlashtirish jarayonlarining bugungi holati va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar suv sarfini aniq hisoblash, yo‘qotishlarni qisqartirish, qaror qabul qilish samaradorligini oshirish hamda inson omilini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir ishtirokchilari uchun seminar nafaqat tajriba almashish maydoni, balki ochiq muloqot va fikrlar bahsiga aylandi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi, sohani yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Seminar yakunida suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va sohada zamonaviy boshqaruv usullarini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Bugun suvning har bir tomchisi strategik ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, uning hisobini yuritish va boshqaruvini raqamlashtirishga qaratilgan bunday tashabbuslar kelajakka qaratilgan mustahkam qadamdir. Zero, suvni asrash — bu faqat tabiatni muhofaza qilish emas, balki mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va kelajak avlodlar manfaatini ta’minlash demakdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri