Moliyaviy xizmatlar hajmi uch oyda 46 trillion so‘mdan oshdi
O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar bozori iqtisodiyotning eng faol o‘sib borayotgan tarmoqlaridan biri sifatida shakllanmoqda. So‘nggi yillarda bank-moliya tizimida raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi, onlayn xizmatlar ko‘lamining kengayishi hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining ortishi sohada yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlamoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 46,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,4 foizga oshgani bilan e’tiborli.
Tahlillarga ko‘ra, moliyaviy xizmatlar tarkibida asosiy ulushni bevosita moliyaviy xizmatlar egallagan bo‘lib, ularning hissasi jami hajmning 88,9 foizini tashkil etgan. Ushbu xizmatlar tarkibiga bank operatsiyalari, kreditlash, to‘lov tizimlari, mikromoliya va boshqa moliyaviy operatsiyalar kiradi.
Shuningdek, hisobot davrida sug‘urta xizmatlari ulushi 6,8 foizni tashkil qildi. Bu aholi va biznes sub’ektlari orasida sug‘urta madaniyatining asta-sekin rivojlanib borayotganini ko‘rsatmoqda. Yordamchi moliyaviy xizmatlar ulushi esa 4,3 foizga teng bo‘lgan.
Markaziy bank va iqtisodiy tahlilchilar fikricha, sohadagi o‘sishga raqamli bank xizmatlari ommalashuvi, naqd pulsiz to‘lovlar hajmining ortishi, fintex xizmatlari kengayishi hamda xususiy sektor faolligining kuchayishi asosiy omil bo‘lmoqda.
Xususan, mamlakatda mobil ilovalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish, onlayn kredit va depozit xizmatlaridan foydalanish ko‘rsatkichlari keskin oshib bormoqda. Bu esa moliyaviy xizmatlar bozorida raqobat muhitini kuchaytirib, xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Moliyaviy xizmatlar sohasidagi barqaror o‘sish mamlakat iqtisodiyotining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va aholining moliyaviy faolligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA