Mohir merganlar “To‘maris kubogi”da jam bo‘ldi
Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida kamondan otish bo‘yicha ayollar o‘rtasida ilk bor “To‘maris kubogi” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy 17 iyundagi “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tkazilayotgan musobaqada yurtimiz vakillari bilan birga Qozog‘iston, Gruziya, Ukraina, Rossiya, Tojikiston va Qirg‘izistondan 50 nafardan ortiq mahoratli sportchilari ishtirok etmoqda.
Musobaqaning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev, O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti O.Imomov so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sportchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni alohida ta’kidladi. Xalqimiz tarixida sarkardalik, merganlik bobida o‘ziga xos nom qozongan, yo‘lboshchisi sifatida tarix zarvaraqlarida mangu muhrlangan To‘maris nomi bilan atalgan musobaqa yosh merganlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni nufuzli xalqaro turnirlarga tayyorlash maqsadida tashkil etilganligi qayd etildi. Eng muhimi, endilikda mazkur musobaqa har yili ana’anaviy tarzda Samarqandda o‘tkaziladi.
[gallery-4455]
– Musobaqa ilk marta o‘tkazilayotganligi bois, xorijlik sportchilar soni biroz kamroq, – deydi musobaqa bosh hakami, mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi Gulnora Aripova. – Shunday bo‘lsa-da, musobaqaga bo‘lgan qiziqish yuqori. Biz ushbu musobaqani xalqaro miqyosdagi nufuzli turnirga aylantirishni maqsad qilganmiz. Shu bois, xorijlik sportchilar bilan birga murabbiylar, mutaxassislar ham yurtimizga kelgan. Jumladan, Ukraina, Qozog‘istondan xalqaro toifadagi hakamlar ishtirok etmoqda. Ular bilan fikrlashgan holda tashkiliy masalalarni belgilangan me’yorlar asosida o‘kazishga harakat qilayapmiz.
Musobaqa reglamenti bo‘yicha ishtirokchilar dastlab saralash bahslarida 70 metr masofada bellashishdi.
- Kamondan otish sporti turi bilan ko‘p yildan beri shug‘ullanib kelaman, - deydi O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Samarqand viloyati terma jamoasi sardori Munira Nurmonova. – Bu vaqt oralig‘ida ko‘p bora xalqaro va mamlakat chempionatlarida muvaffaqiyatli katnashganman. Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi bahslarida viloyatimiz terma jamoasi jamoaviy va miks bahslarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Ushbu musobaqada ham jamoamiz munosib ishtirok etadi. Eng muhimi, mazkur musobaqa yosh iqtidor egalarini tajribasini oshirishga xizmat qiladi.
Musobaqa g‘oliblari 29 oktyabr kuni aniq bo‘ladi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA