Mo‘g‘ulistonda xalqaro matematika olimpiadasi start oldi
Axborot hamkorimiz - "MONTSAME" ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 23-iyul kuni Mo‘g‘uliston o‘z tarixida birinchi marta Xalqaro matematika olimpiadasiga (MIMC) mezbonlik qildi va ochilish marosimi ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, Ulan-Batordagi ochilish marosimida butun dunyodan 1000 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan.
An’anaviy xalq qo‘shiqlari, rang-barang milliy raqslar, otliq sirk ijrochilarining hayajonli va xavfli tryuklari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Xabarga ko‘ra, ushbu tadbirni o‘tkazish uchun 30 dan ortiq davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalar, shuningdek, ko‘ngillilar va mutaxassislar birlashdi.

Bu yil MIMC rasmiy portalida 33 ta mamlakat va hududlardan jamoalar ro‘yxatdan o‘tgan. Kanadadan tortib Janubiy Afrikagacha bo‘lgan barcha qit’alardan eng kuchli yosh aql egalari intellektual kurashga to‘planishdi.
G.Sattorova, O‘zA