Ayiqlar ham aldaydimi?
Olimlar fikricha, insongina emas, ayrim hayvonlar ham o‘z turdoshlarini aldashi mumkin. “Journal of Mammalogy” ilmiy jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot Ispaniyaning Kantabriya tog‘larida yashovchi qo‘ng‘ir ayiqlar orasida ba’zilari raqiblarini chalg‘itish uchun ataylab o‘zini kattaroq qilib ko‘rsatishini ilk bor ilmiy jihatdan tasdiqladi.
Tadqiqot Ispaniya Milliy tadqiqotlar kengashi, Yevropa universitetlari va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari hamkorligida o‘tkazildi. Olimlar 2021-2024-yillar davomida maxsus kuzatuv kameralari orqali 164 ta erkak ayiqning harakatini tahlil qildi. Kuzatuvlar natijasida ularning yettitasi daraxtlarga chiqib, hududini belgilaydigan izlarni odatdagidan ancha baland joyda qoldirgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa boshqa ayiqlarda uning gavdasi aslidagidan yirikroq degan tasavvur uyg‘otadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qo‘ng‘ir ayiq tik turganida taxminan ikki metr balandlikkacha yeta oladi. Kuzatuvlar davomida uch metr balandlikda qoldirilgan izlar ham qayd etilgan. Daraxtdagi singan shoxlar hayvon avval yuqoriga chiqqanini, keyin esa hudud belgisini qoldirganini ko‘rsatgan. Ilmiy jamoa bu usul kuchsiz yoki yosh erkaklarga yirik raqiblar bilan to‘qnashmaslik, xavfni kamaytirish va juft topish imkoniyatini oshirishga xizmat qilishi mumkinligini bildirmoqda.
Shu bilan birga, tadqiqot mualliflari barcha qo‘ng‘ir ayiqlarni “hiylagar” deb baholashga shoshilmaslik kerakligini aytmoqda. Bu holat 164 hayvondan atigi yettitasida, ya’ni 4,3 foizida kuzatilgan. Olimlar ushbu kashfiyot hayvonlar o‘rtasidagi muloqot va xulq-atvorni yanada chuqurroq o‘rganish uchun yangi ilmiy yo‘nalish ochishini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA