Moddiy yordamdan mustaqil daromad sari
Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida ehtiyojmand oilalarni qöllab-quvvatlaş, xotin-qizlarning bandligini taʼminlaş va ularning hayotda öz örnini topişiga kömaklaşiş borasida manzilli işlar amalga oşirilmoqda. Tumanning “Çölquvar” mahalla fuqarolar yiğinida yaşovçi Iqlima Istamova xonadonida yuz bergan özgarişlar ijtimoiy himoyaning asl maqsadi insonga nafaqat bugungi kuni uçun yordam beriş, balki ertangi kunini mustaqil qurişiga imkoniyat yaratişdan iborat ekanini körsatadi.
Davlatimiz rahbari taşabbusi bilan mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqiçga olib çiqiş, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qöllab-quvvatlaşda manzillilik va individual yondaşuvni kuçaytirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda har bir oilaning ijtimoiy holatini örganiş, muammolarini aniqlaş va mavjud imkoniyatlaridan kelib çiqib, ularni mustaqil daromad manbaiga ega bölişiga kömaklaşiş ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Qorovulbozor tumanining Çölquvar mahallasida ham bu borada tizimli işlar olib borilmoqda. Mahallada 4 ming 221 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 67 nafari nogironligi bölgan şaxslardir. Şuningdek, 24 ta oila Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bölib, ularning 9 tasi davlat taʼminotidagi, 13 tasi kambağal va 2 tasi kambağallik çegarasidagi oilalar hisoblanadi. Mahallada 10 nafar yolğiz keksa va yolğiz yaşovçi nogironligi bölgan keksa, vasiylik hamda homiylikka olingan 10 nafar bola ham bor.
Albatta, bu raqamlarning har biri ortida alohida inson taqdiri, oilaviy şaroit va yeçimini kutayotgan muammolar mujassam. Şu bois mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan işlaşda umumiy yondaşuvdan köra, har bir xonadonning ehtiyojiga mos yordam körsatiş tamoyiliga amal qilinmoqda.

Iqlima Istamova oilasi ana şunday eʼtibor qaratilgan xonadonlardan biri. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandini tarbiyalayotgan ona uçun bolalarning taʼminoti, ularning taʼlim-tarbiyasi va oilaviy daromadni taʼminlaş muhim masalalardan edi.
Mahalla ijtimoiy xodimi Gulruh Ahmedova tomonidan oilaning ijtimoiy holati atrofliça örganilib, ehtiyojlaridan kelib çiqqan holda zarur çoralar belgilandi. Dastlab, belgilangan tartibda bolalar nafaqasi tayinlandi. “Saxovat va kömak” jamğarmasi hisobidan farzandlarining kiyim-keçakka bölgan ehtiyojlari qondirildi.
Şu bilan birga, oilaning faqat moddiy ahvoliga emas, balki Iqlima opaning ruhiy holatiga ham eʼtibor qaratildi. Unga psixologik yordam körsatilib, zarur huquqiy masalalarda yuridik xizmat taşkil etildi. Zero, ijtimoiy himoyaning mazmuni faqat nafaqa yoki bir martalik moddiy yordam beriş bilan çeklanmaydi. Insonning ruhiy holatini qöllab-quvvatlaş, huquqiy savodxonligini oşiriş va öz imkoniyatlariga işonçini mustahkamlaş ham bu tizimning muhim tarkibiy qismidir. Biroq oila hayotidagi eng muhim özgariş Iqlima opaning mustaqil daromad manbaiga ega bölişi uçun şaroit yaratilganida namoyon böldi. Uning taomlar va milliy pişiriqlar tayyorlaşga qiziqişi, bu boradagi qobiliyati hamda tadbirkorlik istagi inobatga olinib, öz xonadonida faoliyat boşlaşi uçun 10 million söm miqdorida foizsiz ssuda ajratildi.
Natijada Iqlima opa uy şaroitida milliy pişiriqlar, salatlar va yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlaşni yölga qöydi. Endilikda u farzandlari tarbiyasidan ajralmagan holda mehnat qilib, oilasi daromadiga hissa qöşiş imkoniyatiga ega böldi.
Bu yerda eʼtiborli jihat şundaki, körsatilgan kömak Iqlima opaning mavjud qiziqişi va salohiyatiga tayangan holda taşkil etildi. Yaʼni unga şunçaki moliyaviy yordam berilmadi, balki bu mablağ orqali öz mehnati bilan daromad topişi uçun imkoniyat yaratildi. Bu esa ijtimoiy qöllab-quvvatlaşning boqimandalik kayfiyatini emas, taşabbuskorlik va iqtisodiy mustaqillikni rağbatlantirişga qaratilganini körsatadi.

Oilaning farzandlari ham eʼtibordan çetda qolmadi. Ular “Kelajak” markazidagi öquv tögaraklariga bepul jalb etildi. Bu esa bolalarning böş vaqtini mazmunli taşkil etiş, yangi bilim va könikmalarni egallaşi, kelgusida öz qobiliyatlarini rivojlantirişi uçun qöşimça imkoniyat yaratmoqda.
Iqlima Istamova oilasi misolida ijtimoiy himoyaning bir-biri bilan uzviy boğliq bir neça yönalişi — moddiy yordam, psixologik va huquqiy xizmat, tadbirkorlikni qöllab-quvvatlaş hamda bolalar taʼlimiga kömaklaşiş çoralari yagona maqsad yölida birlaşganini köriş mumkin. Eng muhimi, bu jarayonda oila faqat yordam oluvçi sifatida emas, balki öz hayotini yaxşilaşga qodir, imkoniyat va salohiyatga ega subʼekt sifatida qaralmoqda.
Zero, ijtimoiy himoyaning haqiqiy samarasi ajratilgan mablağ yoki körsatilgan xizmatlar soni bilangina emas, balki inson hayotida yuz bergan ijobiy özgariş, uning oyoqqa turişi, mustaqil daromad topişi va kelajakka işonç bilan qadam qöyişida namoyon böladi. Iqlima opa xonadonidagi bugungi özgarişlar ham ana şu maqsadning amaliy ifodasidir.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri