Kuz yomğiri
Etyud
Kuz yomğiri köpinça bizni uzoq kuttiradi. Şundanmi, juda soğinamiz uni. Axir yoz faslida yomğir deyarli yoğmaydi. Yoğsa ham bilinar-bilinmas yoğib ötadi. Yaxşilab körib olişga ham ulgurmaysan.
Ayniqsa, yozda keng dalalar ham yomğirni behad qömsaydi. Uning muzdek tomçilarini simirgisi, içgisi keladi. Lekin tabiat ularning sabrini sinovdan ötkazadi. Oxir-oqibatda ularning bağri quyoşning otaşin nurlari ostida tinimsiz qiziydi, göyo tandir deysiz. Unga non, tuxum qöysangiz ham şu zahoti pişadiganday tuyuladi. Bundan taşqari, dalalarning har qariçiga çang, ğuborlar örnaşgan. Ularni faqat yomğir yuvib, ketkaziş mumkin. Ammo minglab farroşlar ham bu işni eplaşolmaydi. Faqat yomğir, ha, faqat yomğirning qölidan keladi bu iş.

Bu yilgi kuzgi yomğir xuddi “ mening qadrimga ham bir yetişsin” deganday, ança vaqtgaça yoğmadi. Bundan köpçilik odamlar, quşlar, daraxtlar, şoirlar xafa bölişdi. Lekin dehqonlar, ayniqsa paxtakorlar şodligining çegarasi bölmadi. Axir dalalardagi keçki ekinlarni qisqa fursatda yiğiştirib olişning özi böladimi?! Bundan taşqari, paxta öz vaqtida terib olinmasa, yomğirda qolib ketsa, uning sifati yomonlaşadi, oqibatda narxi arzonlaşadi, daromad kamayadi.

Kuz yomğiri boşqa fasllardagi yomğirlardan ança farq qiladi. Unga tikilgan odam nimagadir öyçanlik va ğamginlikni his qiladi. Bundan taşqari, u köngilga anglab bölmas ajib bir hislarni ham tuhfa qiladi. Boğlarni aytmaysizmi, xuddi bir kelinçakday oçilib ketadi. Boqib töymaysiz. Bu holatlar, ayniqsa, u haqda yozgan şoirlarning şeʼrlarida yaqqol seziladi.
Kuzatganmisiz heç kuz yomğirini?
Har bir lahzasida olamça mazmun.
Olganday dunyoning bor oğriğini,
Naqadar dardçil u, naqadar mahzun.
Deraza oynasin har çertganida,
Dilda öyğonadi ajib bir hislar.
Borliğim yayraydi, taratganida
Gulzoru boğlardan ajoyib islar.
Kuz yomğiri daraxtlar ostida yotgan yaproqlarni ham top-toza qilib yuvganidan bölsa kerak, u yoğişdan töxtagaç, bu barglar quyoşning nurida oltin kabi tovlanib, ajib bir gözallikni vujudga keltiradi.
Esimda. Biz bolalar paxta tergan paytlarimiz yomğir yoğib qolsa, dalaga çiqmasdik, dam olardik. Bir kun bölsa ham toliqqan tanlarimiz orom olardi. Bu taşrifi uçun biz yomğirdan minnatdor bölardik.

Kuz yomğiri köçalarni ham çinniday yaraqlatib qöyadi. Yurgan sayin yuring keladi. Töğri, yomğir kölmakçalarni ham yuzaga keltiradi. Oqibatda maşinalarga yaqin yursangiz, ularning ğildiraklari ostidan otilgan suv ust-boşingiz jiqqa höl qilişi heç gapmas.
Xuddi bahor yomğiri singari kuz yomğiri ham menga juda yoqadi. Har doim uning kelişini, yoğişini intiqib kutaman. U yoqqan paytlar xuddi yoş boladay şodlanaman. Özimni eng baxtli odamlarday his qilaman. Siz-çi?!
Turob NIYOZ,
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi, şoir