Yangi vazifalar, ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi
Shirin shahridagi 2-umumta’lim maktabida «Maktab maslahatchisining ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish» mavzusida viloyat amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. Unda maktab maslahatchilari faoliyatini samarali tashkil etish, o‘quvchilarning iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni maktabdan tashqari ta’limga keng jalb etish hamda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Seminarda Shirin shahar hokimi o‘rinbosari Farrux Alimov, Sirdaryo viloyati «Kelajak» markazi direktori Avaz Mamatov, Shirin shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Jamoliddin Jumanazarov, tuman va shahar «Kelajak» markazlari direktorlari hamda soha vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida maktab maslahatchilarining asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va ish jarayonlarini tizimli tashkil etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, uning maqsad va g‘oyalarini ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish, o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash hamda ularni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, «Kelajak» markazlarining maktablardagi tarmoq to‘garaklari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilarni qiziqish va iste’dodlariga mos to‘garaklarga jalb etish, maktabdan tashqari ta’lim bilan qamrovni kengaytirish hamda bu boradagi ma’lumotlar bazasini muntazam yangilab borish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning tarixiy merosga hurmatini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. O‘quvchilarni tarixiy obidalar, madaniy yodgorliklar va milliy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirish orqali ularda milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik va madaniy merosga ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Yoshlarning yetakchilik qobiliyati va tashabbuskorligini rivojlantirish ham seminarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Maktablarda turli loyihalar, klublar va debatlarni tashkil etish, «O‘quvchilar kengashi» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilarning jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularning maktab hayotidagi faolligini oshirish yuzasidan fikrlar o‘rtaga tashlandi.fikr-mulohazalar bildirildi.

Bundan tashqari, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlaridagi tadbirlar orqali o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish, estetik didi va jismoniy faolligini rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga oid bilimlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Amaliy seminar doirasida ishtirokchilar maktab faoliyati, tarmoq to‘garaklari ish jarayonlari hamda maktab maslahatchilarining ish hujjatlari bilan tanishdilar. Faoliyatni rejalashtirish, hujjatlarni belgilangan talablar asosida yuritish va vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish bo‘yicha tajriba almashildi.

Seminar yakunida maktab maslahatchilari faoliyatini takomillashtirish, iqtidorli o‘quvchilar va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, maktabdan tashqari ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda ta’lim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri