“Mirzo Ulug‘bek o‘zga sayyorada” (+video)
“O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” respublika kitobxonlik haftaligi davom etyapti. Bu tadbir farg‘onaliklar uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki 2025 yil Farg‘ona viloyatida kitobxonlik yili, deb e’lon qilindi. Idora-yu tashkilot, o‘quv yurti-yu fermer dalalarida kitob taqdimotlari, yozuvchi- shoirlar bilan uchrashuvlar uzluksiz o‘tkazilyapti.
Ularning birida bolalar yozuvchisi, iqtidorli nosir va shoir Qobiljon Shermatovning “Ulug‘bek Popkorn sayyorasida” sarguzasht qissasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asarda buyuk bobomiz Ulug‘bekning yoshligi fantastik sayyoralardagi sarguzashtlari uyg‘unligida tasvirlangan.

– O‘zbekiston Prezidenti ma’naviyat va ma’rifat vakillarining kengaytirilgan yig‘ilishida bolalar adabiyotiga e’tibor qaratib, buyuk bobolarimizning bolaligi tasvirlangan kitoblar nega kam, degan edilar, – deydi yozuvchi Qobiljon Shermatov. – Masalan, Amir Temur haqida romanlar bor. Ammo uning bolaligini aks ettiruvchi asarlar-chi? Shuning aks- sadosi sifatida mazkur kitob yozildi.
Qobiljon Shermatov 1997 yilda Yozyovon tumanida tug‘ilgan. Ijodiy ishlari dastlab “Hayrat buloqlari” (2010), “Vodiy guldastasi” (2016), “Hur nafaslar” (2012) kabi bayozlarda e’lon qilingan. “Qishloqjonim” nomli ilk she’riy to‘plami, “Balki Mosh ham tush ko‘rar”, “Bir quloqli Qo‘zichoq” nomli kitoblari nashr etilgan.

“Ulug‘bek Popkorn sayyorasida” esa sarguzasht janridagi yorqin badiiy asar sifatida e’tirof etilyapti.
– Buyuk olim bolaligida ham do‘stlaridan ajralib turadigan zehn va tafakkurga ega, halol bola bo‘lgan. Shu xislatlarini ochib berishga harakat qildim, – deydi bolalar yozuvchisi. –Kitobxonlar haftaligi –yozuvchilar, kitobxonlar bayrami. U bardavom bo‘lishini istaymiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-KbwkzO4nQE" title="“Mirzo Ulug‘bek o‘zga sayyorada”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA muxbirlari