Mintaqaviy bosqich g‘oliblari aniqlandi
Gulistonda “Futbolimiz kelajagi” respublika musobaqalarining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Gulistonda “Futbolimiz kelajagi” respublika musobaqalarining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrining o‘n ikki jamoasi g‘oliblik uchun maydonga tushdi.Prezidentimiz rahnamoligida sport, xususan, futbolni yanada rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlash, yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nafaqat shahar va tumanlar markazlari, balki olis va chekka qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualari, stadionlar, sun’iy qoplamali maydonlar barpo etilib, futbol jamoalari shakllantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur an’anaviy musobaqa ham mahallalarda futbolni rivojlantirish, yosh iste’dod egalarini aniqlash va rag‘batlantirish, ularning ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
9-14 yoshli bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Guliston shahridagi Yangi hayot, Jizzax shahrining Ziyokor, Jizzax tumanidagi Qatortol mahallalari jamoalari g‘olib chiqib, mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishdi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning sovg‘alari topshirildi.