Milliy o‘zlik, inson qadri va xalq farovonligi — 35 yillik mustaqil taraqqiyot mezonlari
Ichki ishlar vazirligida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan g‘oyalarga bag‘ishlangan o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Unda vazirlik rahbariyati, taklif etilgan mehmonlar va shaxsiy tarkib vakillari ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, shuningdek, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari xodimlari tadbirda videokonferens-aloqa orqali qatnashdi.
Seminar avvalida yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakat taraqqiyotining bugungi bosqichi hamda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan o‘zgarishlar haqida videorolik namoyish etildi.

Tadbir davomida mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotining turli sohalarida amalga oshirilgan islohotlar, milliy davlatchilik asoslarining mustahkamlanishi, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr yuritildi.
Falsafa fanlari doktori, professor Jaloliddin Yusupov «Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros» mavzusida ma’ruza qildi. Unda xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi va milliy qadriyatlari bugungi taraqqiyot jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Professor Zebo Qosimova «Inson qadri 35 yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, sog‘liq va yoshlar» mavzusidagi ma’ruzasida inson manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodning bilim olishi, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan sharoitlarga to‘xtaldi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i, sotsiologiya fanlari doktori, professor Suxrob Xidirov «Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida va nutqning bosh g‘oyalari» mavzusida so‘z yuritdi. Ma’ruzada mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, belgilangan vazifalar va ularni hayotga tatbiq etishda jamiyatning faol ishtiroki masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan «O‘zbek kelyapti» videoklipi namoyish etildi.
Seminar yakunida davlatimiz rahbarining bayram nutqida ilgari surilgan g‘oyalarni ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibiga chuqur yetkazish, xodimlarning Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, milliy g‘urur va yuksak ma’naviy mas’uliyatini yanada oshirish muhim vazifalardan ekani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, mustaqillikning 35 yillik davri mamlakatimiz hayotida tub o‘zgarishlar va yangilanishlar davri bo‘ldi. Bu yillar milliy davlatchiligimizni mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini oshirish va yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratish bilan chambarchas bog‘liq.
Bugungi islohotlarning samarasi va ertangi taraqqiyot esa Vatan taqdiriga daxldorlikni chuqur his etadigan, bilimli, fidoyi va yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalash bilan uzviy bog‘liq.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA