Eksport salohiyatini oshirishning yangi imkoniyatlari muhokama etildi
Tashqi bozorda raqobat kuchayib borayotgan bugungi sharoitda mahsulotni keng iste’molchilar auditoriyasiga yetkazishning yangi usullarini joriy etish tadbirkorlik sub’ektlari uchun muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Raqamli texnologiyalarning keng qo‘llanilishi esa elektron tijorat va marketpleyslarning tashqi bozorlarga chiqishdagi ahamiyatini tobora oshirmoqda.
Shu masalalar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida o‘tkazilgan biznes-forumda muhokama qilindi.
«Tadbirkorlikni elektron tijorat asosida rivojlantirish: tashqi bozorlarga Wildberries savdo platformasi orqali chiqish imkoniyatlari» mavzusidagi tadbirda elektron tijoratning bugungi holati, marketpleyslar orqali tashqi bozorlarga chiqish, logistika hamda tadbirkorlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Forumda 100 dan ziyod tadbirkor, ishlab chiqaruvchi, hunarmand, savdo kompaniyalari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun tashqi bozorlarga chiqish savdo hamkorlarini topish, tarqatish tarmog‘ini shakllantirish, ombor va logistika masalalarini hal etish kabi bir qator vazifalarni talab qiladi. Elektron tijorat esa ushbu jarayonlarning ayrim bosqichlarini raqamli muhitga ko‘chirish imkonini beradi.
Bunda tashqi bozorda muayyan mahsulotga bo‘lgan talabni o‘rganish va ishlab chiqarishni bozor ehtiyojlariga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan elektron tijorat nafaqat savdo vositasi, balki bozorni o‘rganish va biznes qarorlarini qabul qilishda muhim manba sifatida ham xizmat qilishi mumkin.
[gallery-31305]
Elektron savdoning rivojlanishi hududlarda kichik ishlab chiqarishni kengaytirish va bandlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi. Tashqi bozorda mahsulotga talabning ortishi ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga, qadoqlash, omborlash, buyurtmalarni qabul qilish va yetkazib berish kabi xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni ham ko‘paytiradi.
Ayniqsa, hunarmandchilik, kichik sanoat va oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari uchun raqamli savdo kanallaridan foydalanish mahsulotlarni kengroq auditoriyaga taklif etish imkonini yaratadi.
Forumda raqamli savdoda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruvning ahamiyati ham qayd etildi. Tovarning sotilish sur’ati, xaridorlar qiziqishi, talabning o‘zgarishi va reklama samaradorligi kabi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish orqali tadbirkorlar assortiment va sotuv strategiyasini o‘z vaqtida takomillashtirishi mumkin.
Tadbir davomida jahonda elektron tijorat rivojining hozirgi holati, O‘zbekistonda elektron savdoning rivojlanish tendensiyalari va istiqbollari muhokama qilindi. Mamlakatda ombor va logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliy qismda marketpleyslarda ishlash tartibi, sotuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, mahsulotlarni joylashtirish, buyurtmalarni bajarish va yetkazib berish jarayonlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, mahsulotlarni raqamli muhitda ilgari surish, reklama vositalaridan samarali foydalanish, sotuv ko‘rsatkichlarini tahlil qilish va assortimentni boshqarish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi.
Tadbirda mahalliy ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarni elektron tijoratga jalb etishga qaratilgan «O‘sish platformasi» dasturi haqida ham ma’lumot berildi.
Elektron tijoratning rivojlanishi tadbirkorlarning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, mahsulot sifati, raqamli marketing, logistika va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini takomillashtirishni ham taqozo etmoqda.
Kamola Yusupova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA