Milliy markaz tizimiga yana 5 ta ilmiy muassasa qo‘shildi
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2026-yil 13-martdagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida agrar ilm-fanni takomillashtirish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligida Bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan tegishli ishchi guruhlar va komissiyalar shakllantirildi. Ular tomonidan ilmiy tashkilotlarni belgilangan tartibda topshirish-qabul qilish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Natijada Tuproqshunoslik va Agrokimyoviy tadqiqotlar, Chorvachilik va Parrandachilik, Baliqchilik, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklari urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Milliy markaz tizimiga o‘tkazildi.
Mazkur o‘zgarishlar agrar ilm-fan salohiyatini yanada mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish hamda sohada yagona ilmiy boshqaruv tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva,
O‘zA