Zamonning san’atga ta’siri-mi bu?
Biz an’anaviy san’at turlariga ko‘nikib qolganmiz. Holbuki, zamon o‘zgarishi bilan san’at turlari va ularni yaratish uslublari ham yangilanib bormoqda.
Farg‘onalik san’atkor G‘iyos Boltayev nomi mamlakat tasviriy san’at va haykaltaroshlikda tez tanildi. Uning moybo‘yoqda chizgan peyzaj va portretlari ilgari ilg‘ab olinmagan chizgilar bilan mutaxassis va san’at muxlislarini o‘ziga tortdi.

– Tasviriy san’atda ayollar siymosini yaratishni yoqtiraman, – deydi haykaltarosh–rassom G‘iyos Boltayev. – Ayniqsa, tarixiy shaxslar, momolarimiz portretlarini hamda abstrakt yo‘nalishda ham suratlarni chizaman. Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy kabi asarlarim ancha tilga tushgan. Tunlari bilan rasm chizib, ikki-uch kunlab uxlamas edim. Hatto, qahramonim tushlarimga kirib chiqar edi. Yana uyg‘onib rasm chizishda davom etardim. Haykal yasash esa keyinchalik ijodiy muhabbatimga aylandi.
Rassom har bir asarida qahramoni haqida hikoya qilibgina qolmay, uning fikr-o‘yi bilan yashaydi va qahramonining dunyoqarashini o‘ziga xos chizgilarda tasvirlashga harakat qiladi.

Hamisha faromush yurgan insonni uchratganda ha, u ijodkor bo‘lsa kerakda, deymiz. G‘iyosjon ham shunday. Yaqinda u rassomlik bilan birga yana bir zamonaviy ijod turi – metall haykaltaroshligiga o‘zini baxsh etdi.

– Yoshligimdan harakatlanuvchi robotlar, mashina, kombaynlar yasar edim. Hozirda o‘sha qiziqishim sabab, turli xil chiqit detallardan haykallar yasayapman. Keyinchalik ularni harakatlantirib, robototexnika yo‘nalishida ham o‘zimni sinab ko‘raman, – deydi G‘iyos Boltayev.
Uning temir-tersak, turli detal chiqitlardan yasagan haykallari yaqinda mamlakat ko‘rigida mukofotga loyiq ko‘rildi. Mutaxassislarning fikricha, u noyob iste’dod egasi.

– Rassom va haykaltarosh G‘iyos Boltayev ayniqsa, abstrakt va avangard yo‘nalishida juda iqtidorli. Masalan, yong‘in tasvirlangan suratda, Vatanni yo‘qotish, oiladan ajralish kabi falsafiy ma’nolarni o‘qish mumkin. Kelgusida undan umidlarimiz katta va bunga ishonamiz, – deydi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi Lyubov Semizorova.
G‘iyos Boltayevning turmush o‘rtog‘i Malika Boltayeva ham taniqli rassom va bir qator ko‘rgazmalar tashkil etgan. Buni qarangki, ularning ikki qizlari ham ota-ona izidan borayotgan tasviriy san’at shaydolari.

– Turmush o‘rtog‘imni birinchi tanqidchi, desam bo‘ladi. Men ularni ustoz sifatida qadrlayman. Har bir maslahatlariga quloq solaman. Bahslar natijasida yaratilgan har bir asar yanada mukammal bo‘lishi esa ayni haqiqat, – deydi Malika Boltayeva
Farg‘onalik rassom, haykaltarosh Boltayevlar oilasining ijod mahsulotlari xorijiy ko‘rgazma zallariga ham yo‘l oldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QO2RHpAj_dQ" title="Zamonning san’atga ta’siri-mi bu?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA