Millionlab orzularni birlaştirgan sananing oltin davrdagi ahamiyati
17-noyabr — Xalqaro talabalar kuni
Talabalik inson hayotidagi eng qizğin, eng izlanuvçan, eng beğubor davr. Bu yillar faqat auditoriya, maʼruza, imtihon va diplom bilan ölçanmaydi. Unda mustaqil fikrlaş, öz yölini tanlaş, xatolardan saboq oliş, ilk jiddiy qarorlarni qabul qiliş va katta hayotga qadam qöyiş bor. Bugun dunyo böylab Xalqaro talabalar kuni nişonlanmoqda.
Uşbu sananing öz tarixi, öz hikoyasi bor. Bayram çexiyalik vatanparvar talabalarning xotirasiga bağişlanib joriy qilingan. 1946-yil 17-noyabr kuni Praga şahrida Butunjahon talabalar kongressida tasdiqlangan.
Bir söz bilan aytganda, öşa davrlarda bu kun talabalarning erkinlik va adolat yölidagi jasorati, oğir yöqotişlari bilan boğliq bölgani haqiqat. Lekin bugun u dunyoning turli burçaklarida bilim olayotgan, orzu-maqsadlari sari intilayotgan millionlab yoşlar uçun bayram sanaladi.
Özbekiston oliy taʼlim tizimida 1,8 million nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Bu raqamlar ortida millionlab orzular, egallanmoqçi bölgan kasblar, ulkan maqsadlar va kelajakka işonç mujassam. Zero, talabalik inson özini, salohiyatini va hayotdagi örnini kaşf etadigan betakror davrdir.
– Toşkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat yönalişini tamomladim va şu sohada magistratura bosqiçiga öqişga kirdim, – deydi Iroda Vasiyeva. – Ötgan vaqt davomida şuni anglab yetdimki, talabalik faqat imtihondan ötiş emas, ertangi hayot uçun jiddiy tayyorlaniş demakdir. Bu davrning öziga xos quvonçli lahzalari bor. Talabalik bir vaqtning özida ham orzu qiliş, ham mustaqil bölişni örganiş degani. Bugungi bayram bilan barça yoşlarni tabriklayman.
Darhaqiqat, bugungi talaba ertangi şifokor, iqtisodçi, muhandis, olim, öqituvçi va tadbirkor, mamlakat taraqqiyotiga hissa qöşadigan mutaxassisdir. Talabalar kuni sifatida nişonlanayotgan uşbu sana esa nafaqat yoşlik va quvonç, balki katta masʼuliyat, ertangi kunga işonç va kelajak ramzidir.
Muhayyo Toşqorayeva, ÖzA