Metrodagi tirbandlik: yo‘lovchilar oqimiga tizim qanday moslashmoqda?
Bugun shaharlar kengaymoqda, aholi va mehmonlar soni tobora oshmoqda. Holatni jamoat transportidagi tirbandlikdan ham ilg‘ash mumkin.
Ayniqsa, har kuni minglab yo‘lovchilar vaqtni tejash, shovqinli yo‘llardan qochish va manzilga tezroq yetib olish maqsadida jamoat transportidan foydalanadi.
Shu maqsadda 2030-yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5-3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Hozirda Toshkent metropolitenida kuniga 1,2 milliondan ortiq yo‘lovchi tashilmoqda. Yo‘lovchilar oqimi eng yuqori bo‘lgan vaqtlarda bekatlarda odamlar to‘planishi kuzatilishi mumkin. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “Paxtakor” bekatidagi tirbandlik aks etgan xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” aksiyadorlik jamiyati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday holatlar yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan tig‘iz vaqtlarda kuzatilishi mumkin. Odatda, bir necha daqiqa ichida yo‘lovchilar oqimi me’yorlashadi. Biroq masala faqat bitta bekatdagi tirbandlik bilan cheklanmaydi. Kunlik yo‘lovchilar oqimi 1,2 million nafardan oshib borayotgan sharoitda poyezdlar harakatini samarali tashkil etish, yo‘lovchilarning bekatlarda uzoq kutib qolishining oldini olish va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda metropolitenda poyezdlar oralig‘idagi vaqtni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, harakat intervallari:
Chilonzor yo‘nalishida — 1,5–2 daqiqagacha;
O‘zbekiston yo‘nalishida — 3 daqiqagacha;
Yunusobod yo‘nalishida — 4 daqiqagacha;
Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida — 7–8 daqiqagacha qisqartirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini ta’kidlab o‘tgan.
Shu bois, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va zamonaviy boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etilgan. Taqdim etilgan takliflar ma’qullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA