Toshkent shahri va unga tutash hududlarda issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etiladi
Poytaxt va atrof hududlardagi issiqxonalar uchun ekologik talablar keskin kuchaytirildi. Hukumat qarori bilan qattiq yoqilg‘idan foydalanishga yangi cheklovlar joriy etildi.
Mamlakatimizda, xususan, poytaxtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan istiqbolli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Buning ifodasini soha bo‘yicha qonunchilikdagi o‘zgarishlarda ham ko‘rish mumkin.
Hukumatning tegishli qarori bilan Maxsus hududda joylashgan qattiq yoqilg‘ida ishlovchi issiqxonalarga belgilanadigan ekologik talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2026-yil 22-oktabrda qabul qilingan qarorga ko‘ra, Toshkent shahri, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari issiqxona xo‘jaliklari faoliyati uchun maxsus ekologik tartib joriy etiladigan hudud (Maxsus hudud) etib belgilandi.
Maxsus hududda isitish tizimiga ega bo‘lgan issiqxona xo‘jaliklari faoliyati faqatgina tabiiy gaz shu jumladan, suyultirilgan gaz), elektr energiyasi, geotermal energiya, quyosh energiyasi hamda issiqlik elektr stansiyalarida hosil bo‘ladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Qattiq yoqilg‘ida (ko‘mir, briket va biomassa pelletlari) faoliyat yuritayotgan issiqxona xo‘jaliklari 2026-yil 1-dekabrga qadar isitish turini yuqoridagi turlarga o‘zgartirib, faoliyatini davom ettiradi.
Qattiq yoqilg‘idan faqatgina quyidagi talablarning barchasini bir vaqtning o‘zida bajargan holda foydalanishga ruxsat etiladi:
– qozon qurilmalarini yoqilg‘i uzatish va yonish jarayonini avtomatik boshqarish tizimi hamda chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlash;
– uzluksiz avtomatik monitoring tizimini o‘rnatish va uni Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilish;
– uskunalarning muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi;
– onlayn kameralar, quvvat manbai va zaxira generatori o‘rnatish hamda hosil bo‘lgan chiqindilarni utilizatsiya qilish.
Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarida shinalar, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar, maishiy va ishlab chiqarish chiqindilarini hamda shunga o‘xshash tarkibli materiallarni yoqilg‘i sifatida yoqish qat’iyan taqiqlanadi.
Ekologik modernizatsiyani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ham bir qancha choralar ko‘riladi. jumladan:
– 2028-yil 1-yanvarga qadar chang-gaz tozalash uskunalari, qozon qurilmalari, energiya tejamkor ekranlar, energiya samarador texnologiyalar, elektr, geotermal, quyosh va kogeneratsiya asosidagi isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir gektari uchun 50 mln so‘mdan oshmagan qismiga davlat byudjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;
– avtomatik monitoring stansiyalarini xarid qilishda istak bildirgan issiqxonalarga uch tomonlama shartnoma tuzish orqali 7 yil muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan har bir stansiya uchun 350 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan mablag‘lar moliyalashtiriladi;
2026–2027-yillarda elektr energiyasi, geotermal, quyosh energiyasi, kogeneratsiya isitish tizimlariga o‘tish loyihalari uchun tijorat banklari orqali 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz) loyiha qiymatining 50 foizigacha qismiga va har bir gektarga 3 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratiladi.
2026-yil 1-dekabrdan boshlab belgilangan talablarga javob bermaydigan issiqxona xo‘jaliklariga davlat ekologik ekspertizasi bo‘yicha ijobiy xulosa berilmaydi, ilgari berilgan xulosaning amal qilishi belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatiladi. Bunda issiqxonani elektr, gaz va suv ta’minotidan uzish choralari ko‘riladi.
Maxsus hududdagi issiqxona xo‘jaliklarida har yili 15-oktabrdan 15-martga qadar nazorat va monitoring ishlari amalga oshiriladi. Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar aniqlangan taqdirda issiqxona faoliyati yoki ifloslantiruvchi manba 10 kungacha vaqtincha to‘xtatib turiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA