Daryo bo‘yida bunyodkorlik nafasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi Daryo bo‘yi mahallasida aholi turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish va bandlikni ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlat investitsiya dasturi asosida mahallada yangi maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti binolari qurilmoqda. Aholi tashabbusi bilan bolalar sport maydonchasi va piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi. Shuningdek, 2,1 kilometr ichki yo‘lni asfaltlash rejalashtirilgan.
[gallery-32090]
Mahallada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, imtiyozli kredit asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Shirinoy Jumaniyozova mahalla xotin-qizlarining bandligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Yosh tadbirkor Rustam Aytboyev esa qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalaridagi faoliyati orqali yangi ish o‘rinlari yaratmoqda.
Bugungi kunda 558 ta xonadonda 3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Daryo bo‘yi mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hudud qiyofasini yangilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat+video), O‘zA