Mehr va saxovat uylarga fayz olib kirmoqda
Qashqadaryo viloyatida “Obod uy – farovon hayot!” shiori ostida xayriya va muruvvat tadbiri tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi hamda uning Qashqadaryo viloyati bo‘limi, shuningdek, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Mazkur tadbir aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, xonadonlarda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda fuqarolar turmush farovonligini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.


Tadbirda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika raisi o‘rinbosari S.Jabborov, fondning viloyat bo‘limi raisi N.Mahmatov hamda mahalla raislari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam ko‘rsatilib, uy-joylarni ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan xayrli ishlar amalga oshirildi.

Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu kabi ezgu tashabbuslar nafaqat muayyan oilalar hayotida ijobiy o‘zgarish yasaydi, balki jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va o‘zaro ko‘mak muhitini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.


Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, bunday xayrli tadbirlar aholi farovonligini oshirish, mahallalarda ijtimoiy birdamlikni kuchaytirish hamda inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda mehr-saxovat tamoyillarini keng qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri