Parlamentlar ekologik monitoring va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Dushanbe shahrida Yevroosiyo mamlakatlari parlamentlari uchun “Parlament harakatlari orqali iqlim o‘zgarishi va barqaror taraqqiyot muammolarini hal etish” mavzusidagi xalqaro seminar o‘tkazildi.
Unda Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.
O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Belarus, Rossiya va Turkiya parlamentlari a’zolari, xalqaro ekspertlar, olimlar hamda ekologik tashkilotlarning vakillari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalasiga e’tibor qaratdi.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar yuzasidan o‘zaro tajriba almashish va amaliy muloqotni rivojlantirish muhokama qilindi.
Senator iqlim o‘zgarishi sharoitida ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof - muhit muhofazasi hamda parlament nazoratini kuchaytirish masalalari yuzasidan ma’ruza qildi.
Tadbir doirasida iqlim o‘zgarishi, suv xavfsizligi, havo ifloslanishining oldini olish, metan chiqindilarini qisqartirish, aholi salomatligini muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida iqlim o‘zgarishiga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish, parlamentlar o‘rtasida muntazam muloqot platformalarini shakllantirish, ekologik monitoring va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA