Mehr va saxovat ko‘rsatildi
“Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi doirasida yurtimizning barcha hududlarida keng qamrovli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday ezgu tadbirlardan biri Buxoro viloyatining Kogon tumanida ham tashkil etildi. Qurbon hayiti munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan shakllantirilgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamlari ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetkazib berildi. Ushbu xayriya aksiyasi doirasida jami 330 nafar ehtiyojmand aholi vakili qamrab olindi. Ularning 56 nafari yakka-yolg‘iz keksa, 274 nafari esa “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan oilalar a’zosidir.
Tuman mahallalarida faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi” vakillari xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarning holidan xabar oldi, ularga bayram sovg‘alari hamda samimiy tilaklar yetkazildi. Bu kabi tashabbuslar nafaqat moddiy ko‘mak, balki inson qalbiga mehr va e’tibor ulashishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Xayriya tadbirlari davomida tumanda yashovchi Xosiyat aya Shuchakovaga ham alohida e’tibor qaratildi. Uzoq yillardan buyon yolg‘iz umr kechirib kelayotgan ushbu keksa onaxonaning sog‘lig‘i va yashash sharoiti mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan atroflicha o‘rganildi. Yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq surunkali kasalliklar va boshqa xastaliklar sababli kundalik hayotda qiynalayotgan Xosiyat ayaga “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Natijada u uy sharoitida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya hamda uyda qarab turish xizmatlari bilan qamrab olindi. Shuningdek, uning harakatlanishini yengillashtirish maqsadida rolator taqdim etildi. Mazkur reabilitatsiya vositasi onaxonaning mustaqil harakatlanishi, kundalik ehtiyojlarini o‘zi bajarishi va ochiq havoda sayr qilishi uchun qulay imkoniyat yaratdi.

E’tiborlisi, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yaratilgan sharoitlar Xosiyat ayaning ruhiy holatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. U davlat va jamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan mehr va e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, bunday g‘amxo‘rlik insonga kuch va yashashga ishonch bag‘ishlashini ta’kidladi.

Qurbon hayiti munosabati bilan amalga oshirilgan tadbirlar doirasida yana bir muhim tashabbus hayotga tatbiq etildi. Tumanda og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan 10 nafar bemor bolaning ota-onalariga maxsus davolanish va jarrohlik amaliyotlari uchun vaucherlar topshirildi. Bu esa bolajonlarning malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, zarur muolaja va operatsiyalarni o‘z vaqtida amalga oshirishi uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Bunday xayrli ishlar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlamoqda. Eng muhimi, yordamga muhtoj insonlar o‘zlarini jamiyat e’tiboridan chetda emasligini, davlat doimo ular bilan ekanini chuqur his etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri