Bilim va imkoniyat maydoni
Jizzax shahrida “DVV International”ning O‘zbekistondagi filiali moliyaviy ko‘magida Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Jizzaxda ta’lim hududlari – bilim va imkoniyatlar maydoni” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligining NNT lar uyida tashkil etilgan mazkur tadbir nafaqat yangi loyihaning tanishuvi, balki inson kapitali, ijtimoiy faollik va hayot davomida ta’lim olish g‘oyasini targ‘ib etuvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev ishtirok etib, aholining ayniqsa xotin-qizlar, yoshlar va ehtiyojmand qatlamlarining bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi bugungi taraqqiyotning eng muhim sharti ekanini ta’kidladi. U o‘z so‘zida bunday tashabbuslar hududlarda ijtimoiy faollikni kuchaytirish, aholining bandligini ta’minlash va insonlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Loyihaning asosiy maqsadi — Jizzax shahri va Paxtakor tumanida “Ta’lim hududlari”ni tashkil etish orqali aholining turli qatlamlari uchun ochiq, qulay va zamonaviy o‘quv muhitini yaratishdan iborat. Ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda katta yoshdagilarning raqamli, mediaviy va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbus o‘zining ijtimoiy ahamiyati bilan ajralib turadi.
Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova loyiha taqdimotida bugun dunyoda raqobatni tabiiy resurslar emas, balki bilimli insonlar belgilayotganini ta’kidladi.

— Bugun ta’lim muassasadan chiqib, inson yashaydigan muhitning o‘ziga kirib bormoqda. Biz tashkil etayotgan “Ta’lim hududlari” — bu oddiy o‘quv xonasi emas, balki orzu va imkoniyatlar tutashadigan hayot maktabidir, — dedi u.
Darhaqiqat, loyiha doirasida Jizzax shahridagi “Kimyogar” hamda Paxtakor tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi uchun turli mahorat darslari, amaliy treninglar va innovatsion kurslar yo‘lga qo‘yiladi. Tomorqadan samarali foydalanishdan tortib, moliyaviy savodxonlik, biznes reja tuzish, huquqiy bilimlar, liderlik va mediasavodxonlikkacha bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olinadi.
E’tiborlisi, har bir mashg‘ulot insonning kundalik hayotiga daxldor masalalar bilan uyg‘unlashtiriladi. Bu esa loyihaning quruq nazariya emas, amaliy natijaga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.
— Biz odamlarga faqat bilim bermoqchi emasmiz. Ularning o‘z kuchiga ishonishi, tashabbus ko‘rsatishi va hayotini o‘zgartirishga qodir ekanini his ettirishni istaymiz. Chunki bilim insonni qaramlikdan, befarqlikdan va qo‘rquvdan xalos etadigan eng katta kuch, — dedi Nodira Alimova.
Loyihaning yana bir o‘ziga xos jihati — “Avlodlararo suhbat choyxonasi” tashabbusidir. Unda uch avlod vakillari bir maydonda jam bo‘lib, zamonaviy IT ko‘nikmalari, moliyaviy savodxonlik, hayotiy tajriba va qadriyatlar almashinuvini amalga oshiradi. Bu esa nafaqat bilim, balki jamiyatda o‘zaro hurmat va ijtimoiy birdamlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Hayot uchun sun’iy intellekt”, tezkor kontent tayyorlash, foto-video mahsulotlar yaratish, StartUp Craft va Create & Market kabi innovatsion kurslar yoshlar va xotin-qizlarning zamonaviy mehnat bozorida munosib o‘rin topishi uchun muhim poydevor vazifasini o‘taydi.
Taqdimotda davlat va jamoat tashkilotlari, Adliya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hududiy boshqarmalari, “Yuksalish” harakati, Savdo-sanoat palatasi, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi, Nogironlar jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Ma’lum qilinishicha, Germaniyaning Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasi — “DVV International” tomonidan 2026-yil uchun e’lon qilingan “O‘quv hududlari: g‘oyalardan amalga oshirishgacha” tanlovida mazkur loyiha 6 ming yevro grantni qo‘lga kiritgan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri