Mehr va saxovat ayyomida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichi namoyon bo‘ldi
Munosabat
O‘zbekiston davlat siyosatining markazida eng oliy qadriyat sifatida inson, uning hayoti va manfaatlarini himoya qilish masalasi turibdi.
Aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash islohotlarimizning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu ezgu tamoyillar xalqimizning bag‘rikenglik fazilatlarini o‘zida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti yaqinlashayotgan shu kunlarida yanada yorqinroq namoyon bo‘lmoqda.

Bugungi murakkab iqtisodiy va siyosiy vaziyatda ijtimoiy davlat maqomini saqlab qolish katta mas’uliyatni talab etadi. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat hech bir fuqaroni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslikni maqsad qilgan.
Qurbon hayiti arafasida ishlab chiqilgan va davlatimiz rahbariga taqdim etilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturi ushbu fikrning yaqqol isbotidir.
Mazkur tashabbuslar paketi bir qator vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, Mahallalar uyushmasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining chuqur tahlillari asosida ishlab chiqildi.
Davlat organlari va diniy-ijtimoiy tashkilotlarning hamkorligi jamiyatdagi ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadi. Har bir mahalla va xonadon o‘rganilib, ko‘makka muhtoj fuqarolar, xasta bolalar va yolg‘iz keksalarning ro‘yxati shakllantirildi. Natijada, Qurbon hayiti tadbirlari shunchaki bir martalik emas, balki insonlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan tizimli ijtimoiy loyihaga aylandi.
Dasturning eng muhim yo‘nalishlaridan biri og‘ir xastalikka chalingan bolalar va bemorlarning sog‘lig‘ini tiklashdir. Ushbu tashabbus doirasida nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklari bor 10 ming nafar bolada murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Bu minglab oilalarga quvonch va umid baxsh etadi.
Shuningdek, onkologik kasalligi bor 2,3 ming nafar bemorni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni davolash xarajatlari davlat va jamoat fondlari tomonidan qoplanadi. Eng quvonarlisi, katta mablag‘ talab etadigan jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini kamida 350 nafar bemorda o‘tkazish xarajatlari ham dasturga kiritildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident tashabbusi bilan 8 ming nafardan ortiq yetim bolalar hamda Vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilgan harbiylar va huquq-tartibot organlari xodimlarining farzandlariga ma’lum miqdordagi miqdorda bir martalik moddiy yordam pullari to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank hisobvaraqlariga o‘tkazib beriladi. Bu chora-tadbir yosh avlodga davlat ularning orqasida tog‘dek turganini ko‘rsatuvchi ma’naviy daldadir.
Bundan tashqari, diniy va ma’naviy qadriyatlarimizni qadrlash maqsadida yurtimizdagi 500 ta masjidda keksalar, ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratiladi, ya’ni tahoratxonalar ta’mirlanadi.
Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga jami 690 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘lar maqsadli va shaffof sarflanishi kafolatlanadi. Shuningdek, bayram arafasida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga maxsus oziq-ovqat to‘plamlari yetkazib beriladi, ehson dasturxonlari yoziladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu umummilliy tadbirlar mamlakatimizning yangi ijtimoiy qiyofasini belgilaydi. Bu loyihalar jamiyatda mehr, ishonch va davlatning o‘z fuqarosiga bo‘lgan cheksiz g‘amxo‘rligining ramzidir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati.
O‘zA