Ibratli oilalar taqdirlandi
Xovos tumanida oila muqaddasligini ulug‘lash, jamiyatda mehr-oqibat va ahillik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda namunaviy turmush tarzi, farzand tarbiyasi va mahalla hayotidagi faol ishtiroki bilan yurtdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan oilalar munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida 9 ta xonadon sohibiga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Jumladan, “Mustaqillikning 25 yilligi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nasiba O‘rolova va Nigora Nazarova, “Istiqlol” mahallasida istiqomat qiluvchi Aziza Fayzullayeva va Mahbuba Otajonova, “Do‘stlik” mahallasida yashovchi Dilfuza Mansurova, “Bunyodkor” mahallasida istiqomat qiluvchi Nodira Nasrullayeva va Asal Nabiyeva, “Oqchangal” mahallasida yashovchi Tursunoy Jangirova hamda “Tinchlik” mahallasida istiqomat qiluvchi Xayriniso Boyjigitova ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir doirasida yangi oila qurib, o‘zaro hurmat va sadoqat asosida ibratli hayot kechirayotgan bir qator yosh ibratli oilalar ham taqdirlandi.
Tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar oila jamiyatning eng muhim tayanchi ekanini, sog‘lom va ma’naviy barkamol avlod tarbiyasi avvalo oila muhitiga bog‘liqligini alohida ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, “Ibratli oila” ko‘krak nishoni uzoq yillar davomida ahil-inoq yashab, farzandlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalab kelayotgan, mahalla va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan oilalarga beriladi. Bu kabi e’tiroflar yoshlarni oilaparvarlik, mas’uliyat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir yakunida taqdirlangan oilalarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Ishtirokchilar bunday ma’naviy rag‘bat jamiyatda oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va hamjihatlik muhitini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA