Haydovchilardan qarzdorlik undirildi
Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan hamkorlikdagi reyd tadbirlari davomida avtotransport vositalari haydovchilaridan 63,9 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik undirildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning may oyi boshidan buyon qarzdorlarga tegishli 22 ta avtotransport vositasi aniqlanib, belgilangan tartibda jarima maydonlariga joylashtirilgan.

Reyd tadbirlari sud hujjatlari va boshqa vakolatli organlar qarorlari ijrosini ta’minlash, qarzdorlarning javobgarlikdan bo‘yin tovlashining oldini olish maqsadida tashkil etilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi tadbirlar qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy mas’uliyatini oshirish hamda ijro hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda viloyat hududlarida hamkorlikdagi reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA