Maxsus o‘quv kurslari boshlandi
Muddatli harbiy xizmatchilarni biror kasb-hunarga o‘rgatish, xorijiy tilni o‘rganishga jalb etish hamda ularni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tayyorlash bo‘yicha Andijon garnizoniga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatchilar uchun “Bir askar – bir kasb” shiori ostida maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘quv kurslari ochilishiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda viloyat hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, harbiy qism rahbariyati, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirokchilar yosh harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kelajakda munosib kasb egasi, bilim va salohiyatli bo‘lishlari uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, askarlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish hamda oliy ta’limga tayyorlash borasidagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik istiqbollari, ana shu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar xususida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Shundan so‘ng zamonaviy va zarur vositalar bilan jihozlangan xonalarda o‘quv kurslarining dastlabki mashg‘ulotlari boshlandi. Tadbir ishtirokchilari, mutasaddilar mashg‘ulot jarayonlari bilan yaqindan tanishdi, askarlar bilan suhbat va muloqotlar o‘tkazdi.


Muddatli harbiy xizmatchilarga keng imkoniyatlar eshigini ochib beradigan o‘quv kurslari mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.