Qadimiy tangalarni olib chiqish holati aniqlandi
“Nukus – Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketish uchun “Nukus-aeroport” chegara bojxona postiga kelgan Turkmaniston fuqarosi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Jarayonida yo‘lovchiga tegishli bo‘lgan, deklaratsiyalanmagan hamda og‘zaki so‘rovda ham ma’lum qilinmagan qadimiy tangalar va pul birliklari aniqlandi. Xususan, qo‘l yukida 1924-yilda ishlab chiqarilgan “Odin poltinnik” tangasi, 1970-yilga oid “Sto let so dnya rojdeniya V.I.Lenina” esdalik tangasi, 1961-yil ishlab chiqarilgan “Pyat rubley” banknoti (15 dona), 1961-yil ishlab chiqarilgan “Dvadsat pyat rubley” banknoti (5 dona) borligi ma’lum bo‘ldi.
Yana bir holatda, boshqa fuqaro yuklari ko‘zdan kechirilganda, bojxona nazoratiga taqdim etilmagan 1 dona 1967-yil ishlab chiqarilgan “15 kopeyki” yozuvli tanga, 1 dona 1936-yil ishlab chiqarilgan “10 kopeyek” yozuvli tanga, 1 dona 1974-yil ishlab chiqarilgan “2 kopeyki” yozuvli tanga, 1 dona 1932-yil ishlab chiqarilgan “15 kopeyki” yozuvli tanga, 3 dona eski Xitoy tangasiga o‘xshash tanga, 1 dona Tayland bat qadimiy tangalari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tegishli tartibda bojxona boshqarmasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasidan madaniy boyliklarni olib chiqib ketish qonun bilan qat’iy tartibga solingan. Qadimiy buyumlar, arxeologik topilmalar, san’at asarlari, qo‘lyozmalar va tarixiy ahamiyatga ega boshqa ashyolarni maxsus ruxsatnomasiz mamlakatdan olib chiqish taqiqlanadi.
Bunday buyumlarni olib chiqish faqat vakolatli organlarning ekspertiza xulosasi va rasmiy ruxsatnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin. Bojxona nazoratida esa barcha shubhali madaniy qiymatga ega ashyolar tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.