Deputat aholi muammolarini o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova Guliston shahridagi “Ulug‘obod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘lib, hudud aholisining muammolari, bandlik holati hamda tomorqalardan samarali foydalanish masalalarini o‘rgandi.
Tashrif davomida deputat “mahalla yettiligi” faoliyati bilan yaqindan tanishib, aholi murojaatlarini hal etish, bandlikni ta’minlash va tomorqa madaniyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini tahlil qildi. Muloqot jarayonida mavjud imkoniyatlar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar yuzasidan fikr almashildi.


Shuningdek, o‘rganishlar doirasida Muhammad Yusuf ko‘chasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Muhayyo Qo‘ldosheva xonadonda bo‘lib, uning tomorqadan unumli foydalanish tajribasi ko‘zdan kechirildi. Muhayyo opa 11 sotix yer maydonidan samarali foydalanib, 5 sotixida pomidor, 6 sotixida esa bodring yetishtirmoqda. Uning bu faoliyati oila daromadini oshirish bilan birga, ichki bozorni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.


Deputat bunday tashabbuskor xonadonlar tajribasi boshqa aholi uchun ham namuna bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida “mahalla yettiligi” bilan birgalikda hududda tomorqadan daromad olishni tizimli yo‘lga qo‘yish, aholi bandligini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda Ulug‘obod mahallasining infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri