Mavsumni betalafot ötkazişning barça çoralari körilmoqda
“Hududgaz Qoraqalpoğiston” gaz taʼminoti filiali, şahar va tuman gaz taʼminoti bölimlari tomonidan 2026-2027-yillar kuz-qiş mavsumiga tayyorgarlik köriş yuzasidan muayyan işlar amalga oşirildi.
– Isitiş mavsumida, ayniqsa, gaz taʼminoti tizimi işlarini töğri taşkil etiş, xöjaliklar va ijtimoiy soha obʼektlarini barqaror gaz bilan taʼminlaş, mavsumni ortiqça yöqotişlarsiz ötkaziş hamda energiya resurslaridan oqilona foydalaniş masalalari keng tarğib qilinmoqda, – deydi “Hududgaz Qoraqalpoğiston” gaz taʼminoti filiali boş muhandisi Sarsenbay Bekimbetov. – Şu bilan birga mavsum davomida yuzaga kelişi mumkin bölgan muammolarning oldini oliş va mutaxassislar masʼuliyatini yanada oşirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Filial tomonidan ob-havoning pasayişi bilan isteʼmolçilarni barqaror tabiiy gaz bilan taʼminlaş böyiça belgilab olingan işlar reja asosida davom ettirilmoqda. Nukus şahrida bugungi kunda jami 84 ming 379 isteʼmolçi tabiiy gazdan foydalanib kelmoqda. Şundan 82 ming 34 nafari xususiy isteʼmolçi, 2 ming 345 tasi ulgurji isteʼmolçi hisoblanadi. Gaz taʼminoti xodimlari tomonidan isteʼmolçilarni xavfsiz va uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlaş maqsadida gaz tarmoqlarini közdan keçirilib, gaz taqsimlaş punktlarida rejim sozlaş işlari muntazam amalga oşirilmoqda.
Şuningdek, olis hududlardagi aholining suyultirilgan gazga bölgan ehtiyojini qondiriş va ularning isteʼmolçilarga öz vaqtida tösiqsiz yetkazib berilişiga mustahkam zamin yaratilmoqda. Içki işlar organlari xodimlari tomonidan xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berişda xavfsizlikni taʼminlaş, ularni taşuvçi maxsus avtotransportlar harakatini kuzatib boriş hamda isteʼmolçilarga tarqatiş vaqtida tartibni saqlaş çoralari körilmoqda.

Qoraqalpoğiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boşqarmasi bilan hamkorlikda joylarda “Şahar va tuman buğini xizmatlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etiş böyiça harakatlari” mavzusida qömondonlik-ştab öquv maşqi ötkazilmoqda. Jumladan, Taxtaköpir tumanida ötkazilgan tadbir davomida iştirokçilarga is gazidan zaharlaniş, gaz-havo aralaşmasi çaqnaşi va yonğinlarni keltirib çiqaruvçi asosiy omillar, ularning oldini oliş çoralari, gaz hamda elektr jihozlaridan xavfsiz foydalaniş qoidalari tuşuntirildi.

Öquv maşqi davomida Favqulodda vaziyatlar xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari, obʼekt işçi-xodimlari va talabalarning favqulodda vaziyatlarda töğri harakatlaniş böyiça amaliy könikmalari sinovdan ötkazildi. Maşq yakunida masʼullar tomonidan aniqlangan kamçiliklarni bartaraf etiş va xavfsizlik çoralarini kuçaytiriş yuzasidan tegişli tavsiyalar berildi.

Bundan taşqari, mehnat jamoalarida, öquv yurtlarida gaz taʼminoti sohasi mutaxassislari va favqulodda vaziyatlar boşqarmasi vakillari iştirokida zaharli gazdan zararlanişning oldini oliş böyiça profilaktik tuşuntiriş işlari olib borilmoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida ötkazilgan uçraşuvda mutaxassislar tomonidan is gazidan zararlanişning oğir oqibatlari aniq misollar bilan aytib ötildi. Şuningdek, energiya tejamkor texnologiyalardan keng foydalaniş, eski qozon peç örniga zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ikki konturli isitiş qozonlarni örnatiş hamda xonadonlarga örnatilayotgan energiya tejamkor isitgiçlarning ahamiyati haqida keng tuşunçalar berildi.
Bu boradagi profilaktik tuşuntiriş işlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
ÖzA muxbiri