“Mavrigi” san’ati xalqaro maydonda
Milliy madaniyat va san’atni dunyoga tanitish, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan tashabbuslar tobora kengayib bormoqda. Ana shunday ahamiyatli uchrashuvlardan biri O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Buxoro viloyati bo‘linmasi direktori Rauf Avezov boshchiligidagi “Mavrigi” ansambli ijodkorlarining Turkiyaning “TRT” teleradiokompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasiga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida turkiy xalqlar musiqa san’ati, milliy an’analar va boy madaniy merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, o‘zbek milliy musiqa san’atining noyob yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “Mavrigi” an’anasini ommalashtirish, uning jahon madaniyatidagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir jarayonida Rauf Avezov tomonidan “Mavrigi” turkum qo‘shiqlarining tarixi, uning qadimiy ildizlari, xalqona ohanglari va ma’naviy ahamiyati haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, mazkur san’at turining o‘ziga xos ijro uslubi, milliy ruhni aks ettiruvchi jihatlari hamda bugungi kunda uni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuvda Buxoro musiqa maktabining ko‘p asrlik an’analari, turkiy xalqlar musiqasidagi mushtaraklik va ma’naviy yaqinlik alohida e’tirof etildi. Milliy qadriyatlarni zamonaviy media platformalar, audio va teleloyihalar orqali keng targ‘ib qilish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.

Samimiy va do‘stona ruhda kechgan muloqot yakunida kelgusida “TRT” telekanali bilan hamkorlikda qo‘shma musiqiy dasturlar, ijodiy loyihalar hamda xalqaro madaniy media mahsulotlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuv va takliflar bildirildi.
Mazkur uchrashuv nafaqat “Mavrigi” san’atini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, balki turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA