Matonatli velosportchilarimizning yorqin g‘alabasi
Malayziyada para velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning so‘nggi kuni ham vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli kechdi. Erkaklar o‘rtasida S2 klassida G‘olib Mirzayorov 2 ta bronza, S3 klassida Avazxon Palvanov oltin va kumush, S4 klassida Abror Ibraimov kumush va bronza, S5 klassida Azimbek Abdullayev oltin va kumush, xuddi shu klassda Boymurod Yavqochev kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Terma jamoamizning qit’a birinchiligida qo‘lga kiritgan medallari soni 15 taga yetdi. 3 tasi oltin, 7 tasi kumush va 5 tasi bronza.
Yana bir e’tiborli jihati, sportchilarimiz trek bo‘yicha Osiyo chempionatida ilk bor ishtirok etganiga qaramay, umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Tailandda para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zolari 7 ta medalga sazovor bo‘lgandi. Shu tariqa para velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari shosse va trek yo‘nalishlarida o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarida jami 22 ta medalga ega chiqdi, deyiladi Milliy paralimpiya qo‘mitasi xabarida.
T. Ro‘ziyev, O‘zA