Mas’uliyatli ota-onalik oila qurishdan boshlanadi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, barqaror va sog‘lom oilalarni shakllantirish, ota-onalik mas’uliyati davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu maqsadda Xatirchi tumani “Mustaqillik” mahallasidagi Oila va xotin-qizlar maskanida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchilar qatnashdi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, otinoyilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, bo‘lajak kelin-kuyovlarga oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat, sabr-toqatning ahamiyati haqida amaliy maslahatlar berdi. Shuningdek, yoshlarga ota-onalik mas’uliyati, farzand tarbiyasi va oilada sog‘lom muhitni shakllantirish borasida muhim tavsiyalar bildirildi.

– Mahalladagi Oila va xotin-qizlar maskani 2025-yil mart oyida tashkil etilgan, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Manzura Rahmonova. – Ushbu maskan aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal etish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida faoliyat yuritmoqda.
Maskanda huquqiy yordam ko‘rsatish, psixologik maslahat berish, oilalarni yarashtirish va nizolarni hal etish, yoshlarni nikohga tayyorlash, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, tibbiy maslahatlar berish hamda turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur maskanda hozirga qadar 920 nafar juftlik, ya’ni 1840 nafar yigit-qiz oila qurish arafasida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Bu orqali ular oilaviy hayotning huquqiy, ma’naviy va axloqiy asoslari bilan yaqindan tanishmoqda. Bunday kurslar yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bilan birga, ularda ota-onalik burchini anglash, farzand tarbiyasiga jiddiy yondashish kabi muhim fazilatlarni ham shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda Xatirchi tumanida 70 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ularda 48 ming 760 ta oila va 98 ming 955 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi. Bu esa aholining qariyb yarmini tashkil etadi.

Uchrashuv doirasida “Oila – baxt qo‘rg‘oni” mavzusida davra suhbati ham o‘tkazilib, yoshlar bilan samimiy muloqot qilindi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan juftliklarga sertifikatlar topshirildi.
Albatta, yoshlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlash, ularda mas’uliyat, o‘zaro hurmat va ota-onalik burchini anglash tuyg‘ularini shakllantirish jamiyatda mustahkam oilalarni barpo etishga xizmat qiladi. Zero, sog‘lom va barqaror oila – farovon jamiyatning mustahkam poydevoridir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri