Master rejalardan fazoviy-hududiy rejalashtirishga
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Samarqand viloyati hokimligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “Master rejalardan fazoviy-hududiy rejalashtirishga: raqamli boshqaruv va ilg‘or yondashuvlar” mavzusida amaliy seminar ish boshladi.
Ikki kun davom etadigan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklaridagi master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofislari xodimlari, xorijiy va mahalliy kompaniyalar, ekspertlar va tegishli mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Seminar avvalida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim va Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ilg‘or xorijiy tajriba hamda yangicha loyihalash tamoyillari asosida fazoviy-hududiy strategiya va rejalarni ishlab chiqishning ahamiyati, bunda mahalliy mutaxassislarning xorijiy kompaniyalar va ekspertlar bilan hamkorligi haqida so‘z yuritdi.
– Bugungi shiddatli taraqqiyot, aholi sonining o‘sib borayotgani bizdan hududlarning mavjud imkoniyat va salohiyatidan kelib chiqib, yaqin va uzoq istiqbolda tartibli rivojlanishini rejalashtirishni taqozo etadi, – dedi I.Norqulov. – Bunda albatta, loyihachilar, mutaxassislarning bilimi muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga o‘sha hududda yashayotgan mahalliy aholining fikri, maqsad va rejalarini ham hisobga olish zarur. Fazoviy-hududiy rejalashtirishda aynan shu omillarga e’tibor qaratiladi. Masalan, bugun barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida 2040-yilda aholi soni qancha bo‘ladi, ularning bandligi nimaning hisobidan ta’minlanadi, maktab va bog‘chaga ehtiyoj necha foizga o‘sadi, transport-logistika tarmog‘iga ulanishi, sanoat zonalari va boshqa oddiy masalalargacha e’tiborga olinadi. Bu o‘sha hududning iqtisodiy strategiyasini belgilaydi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur seminarning asosiy maqsadi mahalliy hokimlik va hududiy tashkilotlar mutaxassislarining ilg‘or xorijiy tajriba va yangicha loyihalash tamoyillarini fazoviy-hududiy strategiya va rejalar, jumladan, master rejalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
Seminarda Qamashi tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi master rejasi: zamonaviy shaharsozlik va energiya samaradorlik yondashuvlari, loyihalash va qurilishda energiya samaradorlikni oshirish: energiya va issiqlik ta’minoti uchun innovatsion texnologiyalar, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari fazoviy-hududiy strategiya va rejalarni ishlab chiqishdagi ilg‘or yondashuvlar, fazoviy-hududiy rejalashtirishda sun’iy intellekt va transport modelining o‘rni hamda boshqa qator masalalar muhokama qilindi, taqdimotlar o‘tkazildi. Bu jarayonda xorijiy va mahalliy mutaxassislar, ekspertlar, Ispaniyaning “IDOM” va Janubiy Koreyaning “DOHWA” kompaniyalari fazoviy-hududiy rejalashtirish bo‘yicha ekspertlari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda fazoviy-hududiy rejalashtirish va master rejalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, bugun hududlarni rivojlantirish, jumladan, tuman va shaharlarning drayver yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishga “master reja” mexanizmi joriy qilinib, bu yo‘nalishda qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan, Shahrisabzdagi Miraki turizm markazi, Quvadagi “Karkidon” suv ombori atrofida dam olish maskani, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida 110 gektar maydonda turar joy majmualari, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-tadqiqot va turizm majmuasi, Buloqboshidagi “Shirmonbuloq”, Sariosiyodagi "Sangardak" turizm markazlari ana shunday ilg‘or tajriba asosida amalga oshirildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun viloyat, tuman (shahar) hududlarini to‘liq qamrab olib yangicha rejalashtirishni nazarda tutuvchi fazoviy-hududiy rejalashtirish joriy etilmoqda. Bunda har bir hududni rivojlantirish nuqtalari belgilab olinib, ularni bir-biri bilan bog‘lab rivojlantirish hamda infratuzilma bilan bog‘liq investitsiyalarni ushbu hududlarga to‘g‘ri joylashtirish nazarda tutiladi.
Jahon bankining “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha fazoviy-hududiy strategiyalar hamda “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” maqomidagi 33 tuman va shahar bo‘yicha fazoviy-hududiy rejalar ishlab chiqish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilish ishlari yakunlanib, kompaniyalar hududlarda ishlarni boshlagan. Jumladan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga Fransiyaning “Groupehuit” va Buyuk Britaniyaning “Buro Happold”, Samarqand viloyatiga Ispaniyaning “IDOM”, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlariga Xitoyning “China Urban Construction”, Buxoro va Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari uchun Koreyaning “DOHWA”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati uchun Ispaniyaning “IDOM”, Toshkent viloyati uchun Angliyaning “ARUP” kompaniyalari jalb etildi. Ushbu kompaniyalar tomonidan viloyat bo‘yicha fazoviy-hududiy strategiya, “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”dagi tuman (shahar) bo‘yicha fazoviy-hududiy reja hamda ushbu tuman (shahar)da tanlab olinadigan besh hududning master rejalari ishlab chiqiladi.
Xususan, Surxondaryo va Qashqadaryo uchun jalb etilgan xorijiy kompaniyalar bilan Qamashi tumanida yangicha loyihalash yondashuvi asosida 105 gektar maydonda aralash funksiyali (mix use) turar joy kompleksi (“Yangi O‘zbekiston” massivi)ni barpo qilish master rejasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari boshlandi.
– Ushbu kompleks 11 ming aholi yashaydigan 4200 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, dam olish joylarini o‘z ichiga oladi, – deydi mazkur loyihani muvofiqlashtiruvchi arxitektor-shaharsoz Norsuluv Burxonova. – Xorijiy va mahalliy mutaxassislar hamkorligidagi ishlab chiqilgan loyihaning bosh g‘oyasi insonlar uchun qulay yashash muhiti yaratish hisoblanadi. Bu “ijtimoiylashuv” va “mahalla” tamoyillari asosidagi aralash funksiyali (mix use) binolarni hamda aholi, ayniqsa, yoshlar va bolalar piyoda, xavfsiz harakatlanadigan infratuzilmani o‘z ichiga oladi. Shuningdek, massivning ekologik musaffoligi, maktab, bog‘chalarning yaqin, qulay bo‘lishi, 15 daqiqalik shahar tamoyili, yerdan samarali foydalanish, shaharlararo aloqalar, energiya samaradorligi hisobga olingan.
[gallery-30423]
Seminarning ikkinchi kuni ishtirokchilar yangicha loyihalashtirish tizimi asosida Samarqand viloyatida amalga oshirilgan ishlar, yangi qurilgan ob’ektlar bilan tanishishi rejalashtirilgan.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari