FarDUning 8 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va oliy ta’lim muassasalarining jahon ta’lim makonidagi raqobatbardoshligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Bu boradagi amaliy natijalardan biri sifatida Farg‘ona davlat universitetining 8 ta ta’lim dasturi Germaniyaning nufuzli ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligi tomonidan muvaffaqiyatli xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.
Xalqaro akkreditatsiyaga kimyo, biologiya, matematika va fizika yo‘nalishlarining bakalavriat hamda magistratura bosqichlaridagi ta’lim dasturlari sazovor bo‘ldi.
Mazkur natija universitetda ta’lim sifatini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda ta’lim dasturlarini xalqaro mezonlar asosida takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Xalqaro akkreditatsiya ta’lim dasturlarining belgilangan sifat mezonlariga muvofiqligini e’tirof etish bilan birga, universitetning xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish, talabalar uchun yangi ta’lim va ilmiy imkoniyatlarni yaratish, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini yanada yuksaltirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA