Maslahatchi nega kerak?
Davlat tilida ish yuritish tizimida maslahatchi lavozimi zarurmi yoki ortiqcha xarajat? Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Ushbu muhim institutning faoliyati va davlat tiliga ta’siri borasidagi haqiqatlar ochiqlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi davlat tilida ish yuritish tizimini yanada takomillashtirish, vazirlik va idoralarda, mahalliy hokimliklarda faoliyatni davlat tilida ish yuritishni yo‘lga qo‘yish borasida ham samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining bir nechta tegishli hujjatlari qabul qilindi va bugungi kunda ushbu hujjatlar ijrosi doirasida tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.
2025-yil 20-oktabr kuni davlatimiz rahbarining qarori qabul qilingan bo‘lsa, 2026-yil 7-avgust kuni Hukumatning yana bir hujjati orqali mazkur yo‘nalishni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu qaror bilan maslahatchi faoliyati tartibga solinishi bilan birga qator qat’iy ko‘rsatmalar ham belgilanganini alohida qayd etish kerak. Masalan, maslahatchining vazifa va funksiyalarini davlat organlari va tashkilotlarining boshqa bo‘linmalariga topshirishga yoki yuklashga, shuningdek, ushbu lavozimni qisqartirishga yo‘l qo‘yilmasligining o‘ziyoq ko‘p narsani anglatadi. Chunki nafaqat xo‘jalik birlashmalari, balki ayrim davlat tashkilotlarida ham ushbu yo‘nalishga oid ishlar qaysidir xodimga qo‘shimcha yuklama sifatida berilgani bu ishlarga mas’uliyatsizlik bilan yondashilayotganini ko‘rsatadi.
Balki sizning ham qulog‘ingizga chalingandir, bunday e’tiborga guvoh bo‘lgan ba’zilar tomonidan vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarda davlat tili bo‘yicha maslahatchi va bunday lavozim, ortiqcha sarf-xarajat nega kerak, degan savol o‘rtaga tashlanmoqda.
Bir tomondan olib qaraganda, rostdan ham Konstitutsiyasida davlat tili sifatida o‘zbek tili belgilab qo‘yilgan mamlakat tashkilotlarida davlat tiliga mas’ul odamning borligi biroz noo‘rindek, lekin tanganing ikkinchi tomonini ham hisobga olish kerak, menimcha.
Ma’naviyat va davlat tili masalalariga mas’ul maslahatchi instituti joriy qilinganiga 6 yildan ko‘proq vaqt o‘tmoqda. Xo‘sh, bu davrda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?
Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, belgilangan topshiriqlar va ularning ijrosi haqida to‘xtalmoqchi emasman. Men deyarli olti yil davomida shu jarayonning bevosita ishtirokchisi sifatida aniq ishlar haqida yozishni ma’qul deb topdim.

Birinchidan, ushbu lavozim joriy qilingan va tajribali mutaxassis maslahatchi sifatida tayinlangan korxona va tashkilotlarda faoliyat to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Albatta, bu jarayonda chet davlatlar, xorijiy mamlakatlarning elchixonalari va chet el kompaniyalari bilan yozishmalarning boshqa tillarda ekanligini aytib o‘tish shart. Shuningdek, o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, chet el kompaniyalari va hatto davlatlari bilan tuzilayotgan bitimlar, kelishuvlarda asosiy til sifatida ikki davlat tili emas, ingliz tili tanlanayotgan bo‘lsa ham, hujjatning ikkinchi nusxasi o‘zbek tilida qabul qilinmoqda.
Ikkinchidan, soha xodimlari uchun va aynan ular ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yurtimiz bo‘ylab sayohatlar, turli muzeylar, tarixiy maskanlarga, teatr va kinozallarga tashriflar, xodimlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning kitobga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida kitob ko‘rgazmalari va savdolari tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi jamoa a’zolarining bir-birlarini yanada yaqindan tanishlari, ishdan tashqari o‘zaro muloqotini ta’minlamoqda.
Uchinchidan, aynan maslahatchi degan lavozim borligi uchun korxona va tashkilotlar xodimlari hujjatlarni davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlamoqda. Ayrim holatlarda noroziliklar ham uchrab turibdi, ammo kimlargadir yoqmayotgan mana shu maslahatchilar ularni davlat tilida ishlashga majbur qilmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, davlat tashkilotlarida shtatlarni qisqartirish amalga oshirildi. Eng qizig‘i va kulgilisi, negadir ko‘p tashkilot birinchi navbatda maslahatchi lavozimini qisqartirishga urindi. Ba’zilar bunga erishdi ham. Biroq e’tibor bersangiz, aynan maslahatchi lavozimi qisqartirilgan tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish oqsadi, hatto hujjatlar boshqa tillarda ham tayyorlana boshladi va o‘z navbatida, bu ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
To‘rtinchidan, turli sohalarga oid xorijdan kirib kelgan so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobillarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasiga taqdim qilish, bu orqali tilimizni o‘zbekcha so‘z va atamalar bilan boyitish amaliyoti joriy qilindi. To‘g‘ri, birinchi marta e’lon qilinganida qulog‘imizga g‘alati chalinadi, lekin Atamalar komissiyasi tomonidan qabul qilingan atamalardan ish faoliyatimizda, hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida, hatto o‘zaro suhbatlarimizda, turli tarmoqlar orqali yozishmalarimizda, e’lon qilayotgan fikrlaru maqolalarimizda ko‘proq foydalansak, o‘rganib ketishimiz aniq. Chunki biz bugun bemalol, xuddi o‘zbekcha so‘zdek ishlatayotgan so‘z va atamalar ham bir paytlar bizga g‘alati tuyulgan. Bir eslab ko‘ring-a...

Beshinchidan, respublika hududlarida geografik ob’ektlarga o‘zbekcha nom berishda ham maslahatchilar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etishimiz zarur. Bir paytlar qo‘yilgan yoki ma’no-mazmuni yo‘q nomlar bugungi kunda davlat tiliga moslashtirilgan holda o‘zgartirilmoqda.
To‘g‘ri, «Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi», deganlaridek hamda barcha soha va yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi bu yo‘nalishda ham kamchiliklar yo‘q emas, maslahatchilar orasida ham o‘z ishini sidqidildan bajarmayotgan, qo‘yilayotgan va kutilayotgan talablarga javob bermaydiganlar ham bordir. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo bir yoki ikki kishi bilan butun maslahatchilar jamoasiga baho berish noto‘g‘ri, menimcha.
Shu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Tan olish kerakki, ayrim tashkilotlarda davlat tilida emas, boshqa tillarda ish yuritish holatlari ham kuzatilmoqda. Mana shunday holatlarda maslahatchilar faoliyati yuzasidan bildirilayotgan e’tirozlar o‘rinli. Lekin bunga faqatgina maslahatchi aybdor emasligini bilib qo‘yishingiz kerak.
Bu aslida maslahatchi faoliyatining yaxshi emasligini emas, balki o‘sha tashkilot rahbarining davlatimizga, tilimizga bo‘lgan e’tiborini ko‘rsatadi. Chunki xodim har qancha harakat qilmasin, hujjatni imzolayotgan rahbar uni qo‘llab-quvvatlamasa, davlat tilida ish yuritilishiga e’tibor qaratmasa, bari birpul.
Men o‘zim ishlayotgan tashkilot misolida bemalol ayta olamanki, bizda hammasi risoladagidek. Nafaqat vazirlik, balki tizimdagi korxona va tashkilotlarda ham faoliyat davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yuritiladi. Ayrim kelishmovchiliklar, tushunmovchiliklarni esa zudlik bilan hal qilishga harakat qilyapmiz.
Ba’zan boshqa tilda hujjat tayyorlash oson deb hisoblaydigan hamkasblarimiz bilan uzoq vaqt suhbatlashishga, tushuntirishga to‘g‘ri keladi. Asosiysi, hamma bu yo‘nalishning nechog‘lik muhim ekanini tushunadi va doim bu yo‘nalishdagi faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi.
Buni ikkita narsada ko‘rishimiz mumkin. Birinchisi, yuqorida aytilganidek, barcha hujjatlarning davlat tilidaligi bo‘lsa, ikkinchisi, o‘z xohishi bilan davlat tilini yanada chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan qiziqish.
Shu Vatan, shu yurt, shu millat farzandi ekanligim uchun ham davlatimizni, bayrog‘imizni, millatimizni, tilimizni, milliy urf-odat va an’analarimizni himoya qilishni, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni targ‘ib qilaveraman.
Chunki yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratish bizning qo‘limizda!
Nurilla ABDULLAEV,
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi