Markaziy Osiyo mamlakatlarida mebel sanoatining rivojlanish dinamikasi: O‘zbekiston eng yirik ishlab chiqaruvchi
Markaziy Osiyo mamlakatlarida mebel ishlab chiqarish yuqori o‘sish salohiyatiga ega tarmoqlardan biri hisoblanadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sho‘’ba mudiri Ruslan Abaturov bu haqda batafsil quyidagilarni gapirib berdi:
– Mintaqa mamlakatlarida mebel sanoatining rivojlanishi iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymatni oshirish, tayyor mahsulot importiga bog‘liqlikni kamaytirish va tayyor mahsulot eksportini kengaytirish imkonini beradi.
So‘nggi besh yilda Markaziy Osiyoda mebel bozori, avvalo, ichki talabning oshishi hisobiga faol kengaydi. Barqaror iqtisodiy o‘sish, biznesning jadal rivojlanishi va aholi farovonligining oshishi mebel mahsulotlariga barqaror talabni ta’minladi.
Keling, to‘rt mamlakat — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda mebel sanoatining rivojlanish ko‘rsatkichlarini ko‘rib chiqamiz. Turkmaniston bo‘yicha aksariyat ko‘rsatkichlarga doir rasmiy ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud emas. Milliy statistika idoralari, MDH Statistika qo‘mitasi, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi, Trade Map, OAV va boshqa ochiq manbalar ma’lumotlariga asoslanib tahlil qilamiz.
O‘zbekiston mintaqadagi eng yirik mebel bozori va ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. So‘nggi besh yilda mebel ishlab chiqarish hajmi 1,6 barobarga oshib, 2025-yilda 729 mln. AQSH dollariga yetdi. Ishlab chiqarishning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 10,7 foizni tashkil etdi. Mebel ishlab chiqarishning qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,7 foizdan 1 foizga oshdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tarmoqda 4,1 mingta korxona faoliyat yuritgan. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tarmoqqa investitsiyalar nominal hisobda 5,8 barobarga oshib, 147 mln. AQSH dollariga yetdi.
Ishlab chiqarishning kengayishi hozircha asosan ichki bozor hisobiga ta’minlanmoqda, eksport modeli esa rivojlanishning dastlabki bosqichida. Mebel eksporti so‘nggi besh yilda 5,3 barobarga oshgan bo‘lsa-da, uning hajmi nisbatan past — 19 mln. AQSH dollari darajasida qolmoqda.
Shu davrda ichki mebel bozori hisob-kitoblarga ko‘ra 3 barobarga, ya’ni 362 mln. AQSH dollaridan 895 mln. AQSH dollariga kengayib, Markaziy Osiyodagi eng yirik bozorga aylandi. Mebel importi 82 mln. AQSH dollaridan 184 mln. AQSH dollariga oshdi, import mahsulotlarining bozordagi ulushi esa 23 foizdan 25 foizga ko‘tarildi. Demak, ichki ehtiyojning qolgan 75 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ta’minlanmoqda.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda mebel sanoatini rivojlantirishga yuqori darajada e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda mebel sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks reja qabul qilinib, unda ishlab chiqarishni raqamlashtirish va kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Xonqa tumani tajribasi asosida ayrim tumanlarni mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, 8 ta tumanda mebel markazlari tashkil etilmoqda.
Dasturda mebel va yog‘ochni qayta ishlash mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 30 foizga oshirish, eksportni 100 mln. AQSH dollariga yetkazish, umumiy qiymati 200 million dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 50 ming kishining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Mazkur choralar yaqin yillarda tarmoq rivojiga sezilarli turtki berishi kutilmoqda.
Qozog‘iston mintaqada bozor va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. So‘nggi besh yilda mebel ishlab chiqarish real hisobda 75 foizga oshib, 2025-yilda 290 mln. AQSH dollariga yetdi. Ishlab chiqarishning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 12,6 foizni tashkil etdi. 2025-yilda mebel sanoatining Qozog‘iston qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,5 foizni tashkil etdi, 2020-yilda ushbu ko‘rsatkich 0,4 foiz bo‘lgan. Investitsiyalar 3,4 mln. AQSH dollaridan 20 mln. AQSH dollariga oshdi, 2024-yilda esa 31 mln. AQSH dollarini tashkil etgan.
Qozog‘iston ichki mebel bozori hisob-kitoblarga ko‘ra 77 foizga kengayib, 721 mln. AQSH dollariga yetdi. 2025-yilda bozorning 63 foizi import hissasiga to‘g‘ri keldi. 2020-yilda ushbu ko‘rsatkich 70 foiz bo‘lganini hisobga olganda, import ulushining kamayishi mahalliy taklifning tezroq o‘sganini ko‘rsatadi. Tashqi bozor ham tarmoq o‘sishini qo‘llab-quvvatladi. Mebel eksporti ushbu davrda 5,8 mln. AQSH dollaridan 24 mln. AQSH dollariga oshdi.
Qozog‘istonda ham mebel sanoatini rivojlantirishga davlat tomonidan e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tarmoqqa qayta ishlash sanoati va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash instrumentlari tatbiq etildi. Qozog‘iston hukumati «oddiy buyumlar iqtisodiyoti» doirasida mebel sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangani haqida ma’lum qilgan.
Umuman, Qozog‘istonda mebel sanoati kuchli ichki talab ta’sirida faol rivojlandi. Shu bilan birga, 2025-yilda import hajmi mahalliy ishlab chiqarishdan 1,6 barobar yuqori bo‘lib qoldi. Mahalliy ishlab chiqarishning kengayishi hozircha xorijiy yetkazib beruvchilarning bozordagi ustun mavqeini sezilarli o‘zgartirgani yo‘q.
Qirg‘izistonda 2021-2025-yillarda mebel ishlab chiqarish real hisobda 2,2 barobarga oshib, 2025-yilda 20 mln. AQSH dollariga yetdi. O‘rtacha yillik o‘sish qariyb 22 foizni tashkil etdi. Natijaning katta qismi 2025-yil hissasiga to‘g‘ri kelib, shu yilda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi deyarli ikki barobarga oshdi. Shunga qaramay, mebel sanoatining qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,32 foizdan 0,28 foizga kamaydi va past darajada qolmoqda.
Qirg‘iziston ichki mebel bozorining hisob-kitob hajmi xorijiy yetkazib berishning ortishi hisobiga 3,3 barobarga kengayib, 70 mln. AQSH dollariga yetdi. Importning bozordagi ulushi 58 foizdan 78 foizga, uning hajmi esa 12 mln. AQSH dollaridan 55 mln. dollarga oshdi. Eksport ham 2,5 barobarga, ya’ni 1,9 mln. AQSH dollaridan 5 mln. dollarga ko‘paydi, biroq uning hajmi hanuz past darajada.
Tojikistonda mebel ishlab chiqarish hajmi 2025-yilda 12 mln. dollarni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 2,4 barobarga oshdi. Ichki bozor hajmi hisob-kitoblarga ko‘ra 40 mln. dollarni tashkil etdi va uning 72 foizi import hissasiga to‘g‘ri keldi. Besh yil davomida import 2,6 barobarga oshib, 29 mln. dollarga yetdi. 2025-yilda import hajmi mahalliy ishlab chiqarishdan 2,4 barobar yuqori bo‘ldi. Eksport esa 0,5 mln. AQSH dollari darajasida qoldi.
2021–2025-yillarda Markaziy Osiyo mebel bozori faol o‘sdi. Bu jarayon ishlab chiqarish hajmining ko‘payishi va importning kengayishida ham namoyon bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda mintaqaning ichki mebel bozori hajmi kamida 1,7 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda mintaqaga mebel mahsulotlari tashqi yetkazib berish hajmi hisob-kitoblarga ko‘ra 78 foizga, ya’ni 434 mln. AQSH dollaridan 774 mln.ga oshdi. Turkmaniston bo‘yicha importning ko‘zgu statistikasi qo‘llanilgan. Mintaqa importining eng katta qismi Qozog‘iston — 59 foiz hissasiga to‘g‘ri keldi. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston — 24 foiz, Qirg‘iziston — 7,1 foiz, Turkmaniston — 6,6 foiz va Tojikiston — 3,7 foiz qayd etildi. 2020-yilga nisbatan Qozog‘istonning ulushi 6,6 foiz punktga kamaydi, Qirg‘izistonniki esa 4,3 foiz punktga oshdi. Mutlaq qiymatda import o‘sishining asosiy qismini Qozog‘iston va O‘zbekiston ta’minladi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston xorijiy yetkazib berishga ko‘proq bog‘liq. O‘zbekistonda esa ichki bozor ehtiyojlarini asosan mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ta’minlash ustunlik qiladi. Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston ichki bozorida ham import ulushining o‘sishi kuzatildi. Import hajmini hisobga olganda, mintaqa ishlab chiqaruvchilari uchun uning ayrim tovar toifalarini mahalliy mahsulotlar bilan almashtirish istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkin.
Ichki bozor hajmiga nisbatan eksport natijalari hozircha nisbatan past. Ma’lumotlar mavjud bo‘lgan to‘rt mamlakatning jami mebel eksporti 2020-yildagi 11 mln. AQSH dollaridan 2025-yilda 48 mln. AQSH dollariga oshdi. Eksport o‘sishining asosiy qismi Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Mazkur ko‘rsatkichlar eksport hozircha tarmoq o‘sishining sezilarli manbaiga aylanmaganini ko‘rsatadi.
Umuman, 2021-2025-yillarda ma’lumotlar mavjud bo‘lgan to‘rt mamlakatda mebel ishlab chiqarish, eksport va import hajmining o‘sishi hamda ichki bozorning kengayishi umumiy tendensiya bo‘ldi. Tahlil tarmoqni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Mintaqa ichki bozorining hajmi va unda importning yuqori ulushi mahalliy biznes uchun mebel ishlab chiqarishni ko‘paytirish, korxonalar soni va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ichki hamda qo‘shni mamlakatlar bozorlariga yetkazib berishni oshirish uchun iqtisodiy rag‘bat yaratadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi imkoniyatlari, avvalo, mahsulot raqobatbardoshligi — narx, sifat, assortiment va yetkazib berish muddatlariga bog‘liq.
Shu jihatdan, mahalliy korxonalar barqarorligi va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, xususan xomashyo va ishlab chiqarish materiallari — yog‘och plitalar, furnitura va pardozlash materiallarini barqaror yetkazib berish hamda ular importi xarajatlarini kamaytirish, aylanma mablag‘lar uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uskunalarni yangilash, konstruktorlar, texnologlar va dizaynerlarni tayyorlash kabi choralar istiqbolli hisoblanadi.
Mintaqa korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish va chuqurlashtirish, yog‘och plitalar, butlovchi qismlar, yumshoq mebel elementlari va tayyor mebel ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatlararo qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
2021–2025-yillarda Markaziy Osiyoda mebel sanoati sezilarli darajada kengaydi. Ichki talabning o‘sishi tarmoqni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Mebel sanoatining keyingi rivojlanishi korxonalarning ishlab chiqarish hajmini barqaror oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash hamda ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mebel yetkazib berish qobiliyatiga bog‘liq.
Mohigul Qosimova yozib oldi, O‘zA