Markaziy Osiyo ekologik diplomatiyasida yangi bosqich
22-24-aprel kunlari Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik sammiti nafaqat sohaga oid masalalar muhokamasi, balki muammolarga qarshi turish diplomatiyasini kuchaytirishga qaratilgan aniq tashabbuslar bilan yodda qoldi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Yosh sharqshunos diplomatlar” intellektual klubi a’zosi Lazizjon Abduraximov O‘zAga yozishicha, anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqa uchun o‘ta dolzarb takliflarni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida ilgari surdi. Xususan, davlatimiz rahbari bu vazifalarni kechiktirmasdan, barvaqt bartaraf etishga qaratilgan yondashuv – profilaktik diplomatiya muhimligini ta’kidladi.
Sammitda yana bir bor tasdiqlandiki, iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi yoki Orol bo‘yi hududidagi inqiroz bir davlat doirasida hal qilinadigan masala emas. Transchegaraviy xususiyatga ega mazkur muammolar butun Markaziy Osiyo uchun umumiy xavf hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik endi ixtiyor emas, balki zaruratga aylanmoqda.
Sammit yakunida quyidagi qator muhim tashabbuslar ilgari surildi:
– “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini tuzish;
– Iqlim loyihalari uchun yagona mintaqaviy investitsiya portfelini shakllantirish;
– “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqish;
– 2027-yil O‘zbekistonda Jahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish.
Bu g‘oyalar profilaktik diplomatiyaning amaliy ko‘rinishi sifatida baholanmoqda. Ya’ni, muammoning oqibati bilan emas, sababi bilan kurashishga o‘tish kuzatilmoqda.
Tadbir natijasiga baho berishda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim. Avval ham shunga o‘xshash tashabbuslar bildirilgan, faqat yetarli darajada amalga oshirilmagan. Ya’ni, bu galgi sammitning haqiqiy qiymati qog‘ozda emas, balki amaliy harakatda namoyon bo‘ladi. Agar kelishuvlar aniq mexanizm va muddat bilan mustahkamlansa, tashabbus albatta natija beradi. Shu ma’noda Ostona sammiti Markaziy Osiyodagi ekologiya muammolariga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz. Endigi asosiy vazifa – mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish.
Ekologik tahdid tezlashib borayotgan bir payt vaqtni boy berish mumkin emas. Profilaktika diplomatiyasi esa faqat shior emas, balki harakatga aylanishi kerak.
Musulmon Ziyo, O‘zA