“Iskandar Zulqarnayn izidan” xalqaro marafoni yakunlandi
Navoiy viloyati Nurota tumani markazidagi amfiteatr maydonida “Iskandar Zulqarnayn izidan” xalqaro marafonining tantanali yopilish marosimi hamda g‘oliblarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sport turizmini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va tabiiy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyish etish maqsadida tashkil etilgan marafonda AQSH, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya kabi davlatlardan kelgan sport va sarguzasht ishqibozlari ishtirok etdi.
Sentob qishlog‘idan start olgan marafon Konimex va Qo‘shrabot tumanlari hududlari orqali davom etdi. Ishtirokchilar cho‘l, tog‘ va keng tekisliklarda o‘z jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib, betakror tabiat manzaralaridan bahra oldi.
Mazkur xalqaro marafon keng geografiyasi bilan ajralib turib, turli millat vakillarini birlashtirdi.
– Men uchun bu mamlakatda bo‘lish ajoyib tajriba, – deydi Global Limits kurs rahbari Mario Machado. – Bu yerning odamlari juda mehmondo‘st va samimiy. Besh kun davom etgan musobaqa yuqori saviyada o‘tdi. Uning o‘ziga xos jihati cheklovlar yo‘qligi. Biz barcha ishtirokchilarning marraga yetib kelishini ta’minlashga harakat qilamiz. Bu tashkilotimizning muhim tamoyili. Har bir ishtirokchi musobaqani yakuniga yetkazishi kerak, hatto har bir bosqich uchun 24 soat vaqt talab etilsa ham. Kelgusi yilda yanada ko‘proq ishtirokchilar bilan qaytishni rejalashtiryapmiz.
Tadbir doirasida mehmonlar uchun madaniy-ma’rifiy dasturlar tashkil etilib, hududning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirildi.
Marafon Nurota tumanida joylashgan Chashma majmuasi va undagi qadimiy Nur qal’asida yakunlandi. Bu joy bevosita Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) nomi bilan bog‘liqligi bilan ahamiyatlidir.
[gallery-29163]
Musobaqa yakuniga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA