Profilaktika inspektori 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Uchtepa tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika katta inspektori 1995 y.t. fuqarodan noqonuniy ravishda 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, inspektor 2025-yilning dekabr oyida mazkur fuqaroga tegishli MCHJ hujjatlarini soxtalashtirish orqali IT-xizmati ko‘rsatish evaziga firibgarlik yo‘li bilan chet el fuqarosidan 450 ming AQSH dollari olgan 1990 y.t. shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va uni javobgarlikka tortishni va’da berib, ushbu pul mablag‘ini talab qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, joriy yilning fevral oyida ichki ishlar organlari tomonidan MCHJ bilan bog‘liq firibgarlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Hozirda katta inspektorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.