Markaziy bank: inflyatsiya jilovlandi, dollarlashuv darajasi kamaydi (+video)
Markaziy bank tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor “Pul-kredit siyosati muloqoti – 2026” xalqaro forumi o‘tkazildi. “Global noaniqlik va raqamlashtirish to‘lqini sharoitida pul-kredit siyosati” mavzusiga bag‘ishlangan anjuman markaziy banklar, xalqaro moliya institutlari hamda akademik doira vakillarini bir maydonda jamlab, zamonaviy iqtisodiyot oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.
Forumda bugungi kunda jahon iqtisodiyotida kechayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va raqamli transformatsiya jarayonlari markaziy banklar oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘yayotgani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, iqtisodiy noaniqliklar endi vaqtinchalik holat emas, balki pul-kredit siyosatini yuritishning doimiy muhitiga aylanib bormoqda.
Shu munosabat bilan forum markaziy banklar, xalqaro moliya institutlari va ilmiy jamoatchilik o‘rtasida tajriba almashish, dolzarb muammolar bo‘yicha ochiq muloqot qilish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqishga xizmat qiluvchi samarali maydon sifatida baholandi.
Forum doirasida tashkil etilgan panel muhokamalarida Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari, qator davlatlar markaziy banklari rahbarlari, nufuzli xorijiy universitetlar olimlari hamda iqtisodchi ekspertlar ishtirok etdi.
Muhokamalarda O‘zbekistonda inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayoni va bu borada qo‘lga kiritilgan natijalar alohida e’tirof etildi. Xususan, mamlakatda inflyatsiya darajasi 2018-yildagi qariyb 20 foizdan 2026-yil may holatiga 5,5 foizgacha pasaygani, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foiz atrofida shakllangani qayd etildi.
Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari ham sezilarli darajada kamayib, o‘rtacha 20 foizdan 10 foizgacha tushgani ma’lum qilindi. Bu esa pul-kredit siyosatiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanayotganini ko‘rsatuvchi muhim omil sifatida baholandi.
— O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan mazkur ikki kunlik yirik tadbirda delegatsiyamiz bilan ishtirok etmoqdamiz, — deydi Polsha Respublikasi Moliya vazirligi vakili Silviya Rokitska. — Bu Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi tarkibidagi saylov okrugimizga a’zo davlatlar uchrashuvidir. Mening fikrimcha, bu juda muhim va nufuzli tadbir. Ayniqsa, joriy yilda mazkur saylov okrugiga raislik qilayotgan O‘zbekiston uchun uning ahamiyati beqiyos. Bu nafaqat iqtisodiy siyosat va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish, balki mamlakatning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va islohotlarini xalqaro hamjamiyatga namoyon etish uchun ham muhim maydon. Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mamlakat yosh, faol va katta salohiyatga ega jamiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Davlatda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar barqaror iqtisodiy o‘sish va yangi taraqqiyot imkoniyatlarini yaratayotganini kuzatish juda qiziqarli. Polsha va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar uzoq yillik do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan. Ishonamanki, bunday muloqotlar va uchrashuvlar hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forumda milliy iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining izchil qisqarib borayotgani ham makroiqtisodiy barqarorlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri sifatida qayd etildi. Jumladan, bank tizimida xorijiy valyutadagi depozitlar ulushi qariyb 50 foizdan 20 foizgacha, kreditlar bo‘yicha dollarlashuv darajasi esa 54 foizdan 37 foizgacha kamaygan.
Qayd etilishicha, endilikda asosiy vazifalardan biri aholi va biznes sub’ektlarining inflyatsion kutilmalarini mamlakat uchun belgilangan 5 foizlik inflyatsiya maqsadiga yaqinlashtirishdan iborat. Buning uchun esa ehtiyotkor, izchil va ma’lumotlarga asoslangan pul-kredit siyosatini davom ettirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum kun tartibidan raqamlashtirish sharoitida pul-kredit siyosatining yangi yo‘nalishlari ham o‘rin oldi. Xususan, sun’iy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiy tahlil va prognozlashda foydalanish, yuqori chastotali ma’lumotlar asosida qarorlar qabul qilish, raqamli iqtisodiyot rivoji sharoitida markaziy banklar oldida paydo bo‘layotgan yangi chaqiriqlar atroflicha muhokama qilindi.
— Rivojlanayotgan davlatlar uchun bugungi kundagi eng katta vazifalardan biri — aholi va biznes vakillarida inflyatsiya bo‘yicha belgilangan maqsadga (targetga) erishilishiga nisbatan ishonchni shakllantirishdir, — deydi Oksford universiteti professori Maykl Makmahon. — Bu, eng avvalo, inflyatsiyaning qanday shakllanishi haqida doimiy tahlil yuritishni, tashqi omillar yoki kutilmagan vaziyatlar tufayli belgilangan maqsadga o‘z vaqtida erishish qiyinlashishi mumkinligini tan olishni anglatadi. Biroq eng muhimi — ushbu maqsad yo‘lida izchil ish olib borish va bu jarayonni jamoatchilikka ochiq hamda tushunarli tarzda yetkazish. Odamlar jarayonning mohiyatini anglasa, inflyatsiyaviy targetga erishish ancha oson kechadi. Bu borada ikki muhim jihatni alohida ta’kidlash mumkin. Birinchisi, jamoatchilik bilan samarali muloqot qilish. Bu oson vazifa emas. Akademiklar, siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari iqtisodiy siyosat mazmunini aholiga to‘g‘ri va sodda tilda tushuntirishda muhim o‘rin tutadi. Demak, samarali kommunikatsiya ishonchni shakllantirishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Ikkinchi muhim omil — bugungi global iqtisodiyotdagi yuqori darajadagi noaniqlik. Dunyo turli geosiyosiy va iqtisodiy xatarlarga duch kelmoqda. Bunday sharoitda aholi va biznesning ishonchini saqlab qolish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qisqa muddatli istiqboldagi eng katta xavf aynan shu noaniqliklar bilan bog‘liq.
Tadbir yakunida mazkur xalqaro muloqot platformasini muntazam o‘tkazib borish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Ta’kidlanganidek, global noaniqliklar, texnologik taraqqiyot va pul-kredit siyosatining kelgusi istiqboliga oid samarali yechimlar xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ilg‘or tajribalar almashish va doimiy muloqotni yanada rivojlantirishni taqozo etadi.
Bugungi forum ana shu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot maydoni sifatida O‘zbekistonning global iqtisodiy jarayonlardagi faol ishtirokini yana bir bor namoyon etdi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nishonboy Abduvoitov (video)
O‘zA