Chorvachilik uchun yangi imkoniyatlar
Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ohangaron tumanida joylashgan qator yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga press-tur tashkil etildi.
Dastlab jurnalistlar tumandagi ko‘p tarmoqli “Rustam Agro” chorvachilik kompleksi faoliyati bilan tanishdi. Korxonada chorvachilikni zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, nasldor mollar parvarishi, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

– Hozir bu yerda 400 ga yaqin qoramol boqilmoqda, shundan bo‘rdoqiga boqilayotgan bo‘qalar ham bor, – deydi loyiha ta’sischisi Ubaydullo Ummatqulov. – Korxona yiliga 100 tonnaga yaqin go‘sht chiqaradi. Shu bilan birga, sut mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Umumiy yer maydoni 472 gektarni tashkil etib, shundan 54 gektari sug‘oriladigan, 63 gektari lalmi va 355 gektari yaylov hisoblanadi. Shuningdek, bu yerda parrandachilik ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Vengriya davlatidan 1 kunlik jo‘jalar olib kelingan. Ular tuxum va go‘sht uchun parvarishlanyapti. Har kuni tovuq go‘shti mahsulotlari poytaxtimizdagi savdo nuqtalari, Toshkent viloyati hududlariga yetkazilmoqda.
Bu yil xo‘jalikda chorva uchun 2200 tonna maxsus ozuqa tayyorlandi. Uning tarkibida arpa, bug‘doy kabi mahsulotlar bor. Buning uchun ozuqabop ekinlar yetishtirishga mo‘ljallangan yerlar bor. Hozir bu korxonada jami 100 nafar ishchi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tumanda bugungi kunda chorvachilik tarmoqlarida jami 336 ta fermer xo‘jaligi va korxona faoliyat yuritadi. Ular tomonidan qoramol, qo‘y-echki, ot, parranda, baliq, asalari boqish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu chorvachilik korxonalariga 88 ming 703 gektar suvli, lalmi va yaylov yerlari ajratilgan.
Press-tur davomida tumanda 2026-yil uchun rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, qoramolchilik yo‘nalishida umumiy qiymati 71,8 milliard so‘mlik 20 ta loyiha amalga oshirilib, 3 321 bosh naslli qoramol olib kelinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, qo‘ychilik sohasida umumiy qiymati 36,5 milliard so‘m bo‘lgan 26 ta loyiha doirasida Mo‘g‘ulistondan 14 100 bosh naslli “Bayat” zotli qo‘y import qilinishi ko‘zda tutilgan. Echkichilik yo‘nalishida esa umumiy qiymati 5,5 milliard so‘mlik ikkita loyiha amalga oshirilib, jami 1 ming 300 bosh naslli echki keltirish rejalashtirilgan. Ta’kidlanganidek, mazkur loyihalar tumanda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA