2024-2025-yillarda paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun fermer xo‘jaliklariga ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish 2027-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Paxta va bug‘doy yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2021-yil 11-martdagi 130-son qarori, Vazirlar Mahkamasining “Paxta xom ashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 25-dekabrdagi 680-son qarori, Vazirlar Mahkamasining “Paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini muqobil manbalar hisobidan moliyalashtirish va samarali faoliyat yuritayotgan qishloq xo‘jaligi sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 24-iyuldagi 466-son qarori, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Agrar va oziq-ovqat sohalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 28-apreldagi 206-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Qarorga ko‘ra, 2024-2025-yillarda paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun fermer xo‘jaliklariga ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati, istisno tariqasida, 2027-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi.
Bunda O‘zbekistan Respublikasi iqtdisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 2024-2025-yillarda paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga joylashtirilgan kredit resurslarini qaytarish muddati mutanosib ravishda uzaytiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda paxta, bug‘doy va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishni moliyalashtirish uchun buyurtmalar shakllantirilishi hamda imtiyozli kreditlarni sarflanishida shaffoflikni ta’minlash maqsadida 2026-yilning 1-iyuliga qadar Jamg‘armaning “d-xarid.uz” axborot tizimi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tijorat banklarining dasturiy ta’minotlari bilan integratsiya qilinadi.
Qaror bilan Bug‘doy yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar qaytargan qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga ushbu kredit bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining bir qismini subsidiya sifatida qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Mazkur Nizom bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining kredit resurslari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar to‘liq qaytargan tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, bug‘doy yetishtiruvchi barcha qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga ushbu imtiyozli kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 4 foiz punktini subsidiya sifatida qaytarish tartibini belgilaydi.
O‘zA