Markaziy bank faoliyatini tekshirish Senat qarori asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda
Qonunchilik palatasining majlisida Markaziy bank faoliyatini yanada takomillashtirish, uning mustaqilligi va bank tizimi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda tekshirish mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Markaziy bank faoliyatini tekshirish bo‘yicha xorijiy tajribalar o‘rganilgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasida Markaziy bank davlat Dumasi qarori asosida tekshiriladi.

Qonun loyihasi bilan Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjat loyihalarini majburiy kelishish hamda kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlarni, korporativ boshqaruvni, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir va boshqa talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda. Jumladan, Markaziy bank yuridik xizmati ijobiy xulosasi asosida qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni o‘n kun ichida soddalashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilanmoqda.
Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar ko‘rish maqsadida Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarini kuchga kirishiga oid qoidalar belgilanmoqda.
Muhokamalarda so‘z olgan deputat Nodir Jumayev Markaziy bank mustaqilligi mamlakat iqtisodiyoti, moliya siyosatida muhim ekanligini qayd etdi. Bu ilmiy tadqiqotlarda ham, xalqaro tajribada ham o‘z isbotini topgan. Markaziy bankning valyuta va narxlar barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, shuningdek, tezkor qaror qabul qilishining ahamiyati dolzarb. Shu ma’noda mazkur hujjat loyihasi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, uni qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidladi.
Muhokamalarda qayd etilganidek, hujjat loyihasidagi normalar bank tizimidagi tavakkalchiliklarni samarali boshqarish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va zamonaviy xalqaro amaliyotlarni joriy etishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, bank va to‘lov tizimlari barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining dolzarbligi alohida qayd etilib, ikkinchi o‘qishda ham qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA