Mariya va Polina Londondagi yurishini boshladi
Bu yilgi "Katta dubulg‘a" turkumidagi tennis turnirlarida vakillarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Angliyaning London shahridagi tennis bo‘yicha mavsumning eng nufuzli turnirlaridan biri “Katta dubulg‘a“ turkumiga kiruvchi “Uimbldon” turnirida saralash bahslari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilgi musobaqada O‘zbekiston sharafini 5 nafar tennischi himoya qiladi. Ayollar o‘rtasida Kamilla Rahimova, Mariya Timofeyeva va Polina Kudermetova kortga chiqsa, o‘smirlar bahsida Nikita Belozersev, 14 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida esa Saidaslam Farhodov mamlakatimiz nomidan ishtirok etadi.
Saralash bahslarining birinchi kuni o‘zbekistonlik tennischilar uchun muvaffaqiyatli kechdi. Polina Kudermetova ilk davrada Fransiya vakili Jessika Ponsheni 1:6, 6:2, 6:3 hisobida mag‘lub etdi. Mariya Timofeyeva ham birinchi bosqichda AQSH vakili Oliviya Osguini 6:1, 6:4 hisobida yengdi.
Endi saralash bosqichining ikkinchi davrasida Polina amerikalik Klervi Ngunouye bilan, Mariya esa ukrainalik tennischi Veronika Podrez bilan raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA