Kolumbiya pley-offga yo‘l olgan holda O‘zbekistonga imkoniyat yaratdi
Jahon chempionatining “L” hamda “K” guruhlarida pley-off uchun kurash 3-turda ham davom etadi
Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining guruh bosqichi “L” hamda “K” guruhlarida ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
“L” guruhidagi markaziy bahsda Angliya va Gana terma jamoalari maydonga tushdi. O‘yin davomida har ikki jamoa bir qator xavfli vaziyatlar yaratgan bo‘lsa-da, darvozalar ishg‘ol etilmadi. Uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi. Shu guruhning ikkinchi uchrashuvida esa Xorvatiya va Panama o‘rtasidagi bellashuv bo‘lib o‘tdi. Murakkab kechgan o‘yinda yevropaliklar 1:0 hisobida zafar quchdi.
Ikkinchi tur natijalariga ko‘ra, “L” guruhida Angliya va Gana 4 ochkodan to‘plab, gollar nisbatiga ko‘ra 1–2-o‘rinlarni egalladi. Xorvatiya 3 ochko bilan uchinchi, Panama esa ochkosiz so‘nggi o‘rinda qoldi.
Bu guruhda uchinchi tur bahslari 28-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Angliya — Panama, Gana — Xorvatiya o‘zaro kuch sinashadi.

O‘zbekiston futbol ixlosmandlari uchun ahamiyatli bo‘lgan “K” guruhida Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi termalari o‘zaro to‘qnash keldi. Meksikaning Estadio Akron stadionida o‘tkazilgan bellashuvda kolumbiyaliklar 76-daqiqada Daniel Munos tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, Kolumbiya ochkolar sonini 6 taga yetkazib, guruh peshqadamligini saqlab qoldi va pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Portugaliya 4 ochko bilan ikkinchi, Kongo Demokratik Respublikasi 1 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston terma jamoasi esa hali ochko qo‘lga kiritmagan.
Endi 28-iyun kuni ushbu guruhda so‘nggi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Kolumbiya — Portugaliya, O‘zbekiston — Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari maydonga tushadi. So‘nggi turdagi natijalar pley-off yo‘llanmalari taqdirini hal qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA