Mariya Timofeyeva Xitoydagi yurishini boshladi
Xitoyning Guanchjou shahrida tennis bo‘yicha WTA 250 turkumiga kiruvchi "Guangzhou Open" turnirida Mariya Timofeyeva hamda Polina Kudermetova mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.
Ushbu nufuzli turnirning asosiy to‘r bahslari birinchi davrasida Mariya Timofeyeva serbiyalik Teodora Kostovich ustidan 6:4, 6:1 hisobida zafar quchdi. Endi Mariya ikkinchi bosqichda Sun Sinjan (Xitoy) — Mananchayya Savangkeu (Tailand) uchrashuvi g‘olibiga qarshi kortga chiqadi.
Ikkinchi tennischimiz Polina Kudermetova esa indoneziyalik Janis Ten bilan ilk bosqichda o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.

Darvoqe, Mariya va Polina "Guangzhou Open" turnirining juftlik bellashuvlarida birgalikda qatnashmoqda. Ular birinchi davrada argentinalik Nikol Fossa Uergo va neytral tennischi Yelena Pridankina tandemi bilan kuch sinashadi.
Ma’lumot uchun, "Guangzhou Open" musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi 283 ming 347 AQSH dollarini tashkil etadi. Yakkalik bahslari g‘olibi 37 ming 390 dollar mukofot puli va WTA reytingi uchun 250 ochkoga ega bo‘ladi.
Final bahsida mag‘lub bo‘lgan tennischi 22 minng 125 AQSH dollar va 163 reyting ochkosini qo‘lga kiritadi. Yarim final ishtirokchilari 12 ming 331, chorak finalga chiqqan tennischilar esa 7 ming 25, birinchi bosqichda musobaqani tark etgan ishtirokchilarga 3 ming 65, ikkinchi bosqichda mag‘lub bo‘lgan tennischilarga esa 4 ming 285 AQSH dollaridan pul mukofoti beriladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA