Dushanbe turnirida yosh dzyudochilarimiz 4 ta medalli bo‘ldi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 21 yoshgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Hoji Sharif Dushanbe Grand Prix Juniors 2026” xalqaro turnirida mamlakatimiz vakillari 4 ta medalga sazovor bo‘ldi.
19 mamlakatning 227 nafar yosh dzyudochisi ishtirokida o‘tgan xalqaro turnirning ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sabina Azamatova -52 kilogrammda bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Kecha xalqaro turnirning so‘nggi kungi bellashuvlarida dzyudochi yigitlar -81, -90, -100, +100 kilogrammda, qizlar -70, -78, +78 kilo og‘irlikda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qildi.
Shiddatli kechgan bellashuvlarda hamyurtlarimizdan Sa’dulla Ravshanov -81 kilogrammda, Alibek Durdiyev +100 kilogrammda kumush medallarga ega chiqqan bo‘lsa, qizlar o‘rtasidagi kurashlarda Durdona Tursunova -70 kilo og‘irlikda bronza medalga ega chiqdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA